Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IIV: Yangi yil shodiyonalari tinch va osoyishta o‘tishi uchun barcha choralar ko‘rildi
12:29 / 2023-12-30

Yangi yil bilan bog‘liq bayram tadbirlari shukuhi tinchlik va osoyishtalik bilan yanada fayzli bo‘ladi.

Huquq-tartibot organlari shu maqsadda qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda? Bu savolga Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova javob berdi:  

–  “Prezident archasi” hamda “Yangi yil bayrami” tadbirlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va tashkil etish bo‘yicha joriy yil 12 dekabrda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Situatsion markazida, shuningdek, joylarda idoralararo tezkor shtablar tashkil etildi. Tadbirlar shtab rahbarlari tomonidan onlayn nazoratga olindi.  

Departament shtabi tomonidan respublikamizdagi “Yangi yil archalari” hududi, yo‘l-patrul xizmati maskanlari, jamoat tartibini saqlash xizmatining maxsus muassasalari, huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatining muassasalari hamda asosiy chorraha va jamoat joylari nuqtalari onlayn kuzatilib, nazorat qilinmoqda.  

Asosiy tadbirlar 28 dekabr kuni boshlangan. Bugunga qadar yurtimizning 248 joyida Yangi yil bayrami bilan bog‘liq tadbirlar o‘tkazildi va  unda taxminan 300 ming nafar fuqaro qatnashdi.  

Bayram tadbirlarida xavfsizlikni ta’minlash uchun jami 17 ming 573 kuch-vositalar safarbar etildi.  

Shulardan, 11 ming 474 nafari IIV, 3 ming 925 nafari Milliy gvardiya va 2 ming 174 nafari FVV xodimi va harbiy xizmatchilaridir. Ularga 5 ming 878  aloqa vositasi va 1 ming 677 avtotransport, 2 ming 903  metallodetektor hamda 280 bosh xizmat itlari ajratildi.  

Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan ob’ektlar atrofiga videokameralar o‘rnatilib, monitoring markazlariga integratsiya qilindi.  

Bayram tadbiri o‘tkaziladigan joylarda adashib qolgan yosh bolalarni vaqtincha saqlash uchun xonalar tashkil etilib, ularga inspektor-psixologlar biriktirildi.  

Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarning 425 nafari Reabilitatsiya   markazlariga, 5 nafari esa Mehr-saxovat uylariga joylashtirildi.  

Bayram tadbirlari o‘tkazilayotgan vaqtda elektr-energiya, gaz, suv, obodonlashtirish va boshqa mutasaddi tashkilotlarning tunu kun navbatchiligi tashkil etilgan.  

“Prezident archasi” hamda “Yangi yil bayrami” tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda harakat xavfsizligini ta’minlashga 2 ming 325 nafar yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari safarbar etilgan bo‘lib, bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylardan 150 metr uzoqlikda 282 avtoturargoh tashkil etildi.  

Bundan tashqari, tadbir o‘tkaziladigan joylarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida 177 ko‘chani jismoniy yopish uchun jami 851 ta “Bdo-5” beton va temir to‘siqlar yordamida transport vositalarining harakati cheklandi. Ob’ektlarga olib keluvchi yo‘llarga qo‘shimcha yo‘l belgilari o‘rnatildi.  

Aholi gavjum bo‘ladigan tungi ko‘ngilochar joylar atrofida transportni yetkazib berish xizmatlari tashkil etildi.  

2023 yil 16 noyabrdan boshlab respublikaning barcha hududlarida pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish maqsadida olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlar natijasida bugunga qadar 3 ming 641 holat aniqlandi. 8 milliard 922 million so‘mlik mahsulotlar olib qo‘yildi. 1 ming 941 nafar huquqbuzar ma’muriy javobgarlikka tortildi, 26 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.  

IIV yurtdoshlarimiz va mehmonlaridan bayram kunlari barcha xavfsizlik choralariga rioya qilishni so‘raydi.  

Zero, osoyishtalik ta’minlanishi nafaqat soha xodimlari, balki har birimizga bog‘liq.  

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA