Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IIV: Yangi yil bayrami tinch va osoyishta o‘tishi uchun barcha xavfsizlik choralari ko‘rilmoqda
17:32 / 2025-12-26

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda “Prezident archasi” tadbirlari hamda Yangi yil bayrami yuqori saviyada o‘tkazilishi belgilandi.

Qaror ijrosi qanday ta’minlanmoqda? Ichki shlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova shu savolga javob berdi: 

– Joriy yil 20 dekabrdan boshlab respublika hududlarida bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha 20 ming nafarga yaqin huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari jalb etilgan. 

Asosiy bayram tadbirlari mamlakatimizning 250 dan ortiq ob’ektlarida o‘tkaziladi va aynan “Prezident archasi” tadbirlari 24 dekabrdan 27 dekabrga qadar hamda 29 dekabr kunlari o‘tkazilishi belgilangan. Tadbirlarda taxminan 1,5 million nafar fuqaro ishtirok etishi kutilmoqda.

Bayram tadbirlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va tashkil etish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligining Monitoring va muvofiqlashtirish markazida tashkil etilgan idoralararo tezkor shtab va ishchi guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 

Ular tomonidan respublikamizdagi “Yangi yil archalari” hududi, yo‘l-patrul xizmati maskanlari, jamoat tartibini saqlash xizmatining maxsus muassasalari, huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati muassasalari hamda asosiy chorraha va jamoat joylari nuqtalari onlayn kuzatilib, nazorat qilinmoqda.

Tadbirlar o‘tkaziladigan ob’ektlar atrofiga intellektual videokameralar o‘rnatilib, monitoring markazlariga integratsiya qilingan. Ular orqali vaziyatni onlayn monitoring qilish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kuch va vositalarini o‘zaro hamkorlikda harakatlantirish tartibi, qidiruvda bo‘lgan shaxslar hamda transport vositalarini aniqlash va ushlash mexanizmlari yo‘l qo‘yilgan.

Tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda adashib qolgan yosh bolalarni vaqtincha saqlash uchun xonalar tashkil etilib, yaqinlari kelguniga qadar bolalarga inspektor-psixolog xodimlari biriktiriladi.

Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda harakat xavfsizligini ta’minlashga 2 ming nafarga yaqin yo‘l patrul xizmati xodimlari jalb etilgan. Tadbir o‘tkaziladigan ob’ektlarga olib keluvchi ayrim ko‘chalarda transport vositalarining harakati vaqtinchalik cheklanib, aylanma yo‘llar tashkil etilgan va  tadbir joylaridan 150 metr uzoqlikda 300 dan ortiq avtoturargohlar tashkil etilib, evakuatsiya yo‘llarining to‘sib qo‘yilishi va transport vositalarining tartibsiz qoldirib ketilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fursatdan foydalanib, aziz yurtdoshlar va respublikamiz mehmonlaridan bayram kunlari barcha xavfsizlik choralariga yanada e’tiborli bo‘lib, ularga rioya qilishlarini va xavfsizlikni ta’minlayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining talablariga qat’iy amal qilishini so‘raymiz. 

Norgul Abduraimova, O‘zA