Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IIV: Yangi yil bayrami tinch va osoyishta o‘tishi uchun barcha choralar ko‘rilmoqda
14:36 / 2023-12-18

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda “Prezident archasi” tadbirlari hamda “Yangi yil bayrami”ni yuqori saviyada o‘tkazilishi belgilandi.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova qaror ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi:  

– Joriy yilda jami 250 ob’ektda bayram tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilib, mazkur tadbirlarda taxminan 1 million nafar fuqaro ishtirok etishi kutilmoqda.  

Bayram tadbirlari davomida namunali jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida hamkorlikda barcha tashkiliy, profilaktik, tezkor-qidiruv va boshqa chora-tadbirlar belgilab olindi.  

Xususan, bayram tadbirlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va tashkil etish bo‘yicha IIV Jamoat xavfsizligi departamentida idoralararo tezkor shtab va ishchi guruhi hamda viloyatlar va shahar-tumanlarda Jamoat xavfsizligi xizmati negizida tezkor shtab va ishchi guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.  

Bayram tadbirlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha 17 mingga yaqin kuch-vositalar shay holatga keltirildi. Jumladan, 11 ming 401 nafar ichki ishlar, 3 ming 698 nafar milliy gvardiya va 1 ming 835 nafar favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimi va harbiy xizmatchilari jarayonga safarbar etilgan. Ularga 5 ming 994 aloqa va 1 ming 645 avtotransport vositalari, 2 ming 284 metallodetektor hamda 276 ta bosh xizmat itlari ajratildi.  

Bayram tadbirlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash hamda xavfsizlikni ta’minlashni namunali tashkil etish maqsadida Ichki ishlar vazirligining farmoyishga asosan, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati kuchaytirilgan tartibga o‘tkazildi.  

Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan ob’ektlar atrofiga videokameralar o‘rnatilib, monitoring markazlariga integratsiya ishlari amalga oshirildi.  

“Prezident archasi” va Yangi yil bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylarning texnik holati to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilib, nosoz attraksionlar va boshqa nosoz o‘yin qurilmalarning ishlatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi nazoratga olindi.  

Bayram tadbiri o‘tkaziladigan joylarda adashib qolgan yosh bolalarni vaqtincha saqlash uchun alohida xonalar tashkil etilib, ularga inspektor-psixologlar biriktirilishi belgilandi.  

Bayram munosabati bilan Toshkent shahri va respublikaning barcha yirik shaharlari hamda tuman markazlarida joylashgan dehqon bozorlari, yirik savdo komplekslari va chakana savdo shoxobchalarida tashkil etiladigan “Maxsus yarmarka savdolari” atrofida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ichki ishlar va Milliy gvardiya patrullik guruhlari tashkil etildi.  

Spirtli ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlarda alkogol ichimliklarning quyib sotilishi alohida nazorat olindi. Iste’molga yaroqsiz, qo‘lbola tayyorlangan alkogol mahsulotlari noqonuniy sotilishining oldini olish choralari kuchaytirildi.  

Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni “Mehr-saxovat uyi” va Reabilitatsiya markaziga joylashtirish choralarining ko‘rilishi belgilandi.  

Bayram tadbirlari o‘tkazilayotgan vaqtda elektr energiyasi, gaz, suv, obodonlashtirish va boshqa mutasaddi tashkilotlar har qanday vaziyatga shay holatda bo‘lishi hamda tunu-kun navbatchiligi tashkil etilishining ta’minlanishi nazoratga olindi.  

Shuningdek, bayram tadbirlari o‘tkaziladigan ob’ektlar atrofidagi yo‘l-infratuzilmasi tartibga keltirildi. Tadbirlar o‘tkaziladigan joylar atrofida transport vositalari uchun yetarli sig‘imdagi avtoturagohlar tashkil etilib, zaruriy holatlarda ayrim ko‘cha va yo‘llarda transport harakatlanishi cheklanadi. Bayram kunlari yo‘llarda, jumladan, tog‘li hududlar yo‘nalishida avtomobillarning tirbandligi va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilishi belgilandi.  

N.Abduraimova, O‘zA