English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IIV: “Xalqaro gullar festivali”da xavfsizlikni ta’minlash uchun barcha choralar ko‘rilmoqda
12:39 / 2025-05-27

Bugungi kunda dunyo nigohi O‘zbekistonning Namangan viloyatiga qaratilgan. Chunki bu hududda 25 may-29 iyun kunlari 64-Xalqaro gullar festivali o‘tkazilmoqda. Nafaqat minglab xorijiy, balki millionlab mahalliy sayyohlar ishtirok etadigan ushbu nufuzli tadbirni yuqori saviyada, xavfsiz o‘tkazish juda muhim.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bu masalaga alohida e’tibor qaratmoqda. Namangan viloyatida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida nazoratga olingan.  

– Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha may oyida izchil ishlar amalga oshirildi, – dedi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev. – Kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida 37 ob’ektga o‘rnatilgan 163  videokuzatuv kamerasi “Qalqon” dasturiga integratsiya qilindi. Maxsus yo‘nalishlar bo‘yicha 33 aylanma intellektual kameralar o‘rnatilib, integratsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

“E-ijtimoiy profilaktika” platformasi orqali 955 nafar fuqaroning muammolari hal etildi. Adliya organlari bilan hamkorlikda “Men kuchli ayolman” loyihasi doirasida xotin-qizlar bilan psixologik trening o‘tkazildi.

Ta’lim muassasalarida “Tig‘”, “O‘quvchi”, “Tungi reyd”, “Davomat” va boshqa profilaktik tadbirlar tashkil etilib, ota-onalar va muassasa rahbarlari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish maqsadida 3 tadan “Xavfsiz ko‘cha” va “Xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati yo‘nalishida 60 ta svetoforga texnik xizmat ko‘rsatildi, 65 yo‘l belgisi o‘rnatildi, eskirgan 145 yo‘l belgisi almashtirildi. 14 ming 662 m2 yo‘l chiziqlari chizildi. 8 ta qavariq piyodalar o‘tish joylari tashkil etildi, 167 piyodalar o‘tish joylari qayta belgilandi. Haydovchilar bilan avtomashina yuvish shoxobchalari va avtoturargohlar kalitini begona shaxslarga bermaslik hamda hushyorlikni oshirish bo‘yicha profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi.  

Yo‘l transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan 1,5 mingdan ortiq flayer va bukletlar tarqatildi, 28 banner o‘rnatildi. 18 marotaba “Diqqat, bolalar!” targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.  

Namangan shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarida 60 chorrahadagi svetoforlar rekonstruksiya qilinib, yagona boshqaruv tizimi joriy etilmoqda. Piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida Namangan shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarida 21 km. masofada temir panjara o‘rnatilmoqda.  

Probatsiya yo‘nalishida 10 marotaba “Ishga marhamat” mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, 138 nafar nazorat ostidagi shaxslarning bandligi ta’minlandi.

Umumiy qilib aytganda, bugungi kunda dolzarb mavzular, xususan, voyaga yetmaganlar, yoshlar, xotin-qizlar orasidagi jinoyatlarning oldini olish, profilaktik tadbirlarni tashkil etish, transport hodisalarining oldini olish, xavfsiz mahalla tamoyili asosida hududlarni raqamlashtirish masalalari borasida amaliy ishlar davom etmoqda.  

Vazirlik rahbariyati sodir etilayotgan har bir huquqbuzarlik va jinoyatlarni chuqur tahlil qilgan holda, ish natijadorligiga erishish kerakligi, rahbarlar tomonidan sektorlar kesimida huquqbuzarliklarni keskin kamaytirish, uning oldini olish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rish borasida o‘zining tegishli tavsiya va topshiriqlarini bermoqda. Bir so‘z bilan aytganda, “Xalqaro gullar festivali”da  xavfsizlikni ta’minlash uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA