Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IIV Tezkor-qidiruv departamenti: plastik kartalardan o‘g‘irlangan pullar aniqlandi va aybdorlar jazoga tortildi
10:53 / 2023-07-12

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan jinoiy holatlarga chek qo‘yilmoqda.

Departamentdan ma’lum qilishlaricha, keyingi paytda fuqarolarning bank plastik kartalaridagi mablag‘larni turli yo‘llar bilan o‘g‘irlash holatlari tez-tez uchramoqda. Tizim xodimlari shunday holatlarni aniqlash va aybdorlarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rmoqda.  

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, bank kartasi hisobidan 2 million 323 ming so‘m pul yo‘qolganini bildirib, pullarini topishda amaliy yordam so‘ragan.    

Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘limi hamda G‘ijduvon tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida mablag‘ni o‘zlashtirgan shaxs bank xodimi ekanligi aniqlandi. G‘ijduvon tumanidagi bank filiali sayyor kassa kassiriga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.  

Tergov harakatlari davomida ushbu kassir 2022 yil noyabr oyidan 2023 yil 29 may kuniga qadar fuqarolarning pensiya to‘lovlari, moddiy yordam va 2 yoshgacha nafaqa pullarini olish maqsadida ochilgan 48 ta bank kartasining 41 tasidan jami 21 million 900 ming so‘m pulni o‘g‘irlab, o‘zining ehtiyojlariga ishlatib yuborgani ma’lum bo‘ldi.  

Hozirda o‘g‘irlangan mablag‘larning barchasi qoplanib, holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Termiz  shahri “Tuproqqo‘rg‘on” mahallasida yashovchi fuqaro “102” xizmatiga murojaat qilib, bank kartasidan ilova orqali 75 million 700 ming so‘m pulni noma’lum shaxslar yechib olganini ma’lum qilgan.  

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida tijorat banklaridan birida amaliyot o‘tash uchun borgan ikki nafar talaba bankning barcha sirlarini o‘rganib borishgani aniqlandi.  

Amaliyotchi talabalar o‘zaro kelishib, tanishlarining nomiga SIM-karta rasmiylashtirib, ularning uyali aloqa vositalaridan foydalangan holda bank xodimlarini aldab, turli amaliyotlarni bajarib, 75 million 700 ming so‘m pulni o‘g‘irlashgan. Shundan so‘ng Termiz shahrida joylashgan oltita bankka tegishli  bankomatlardan shapka, qora ko‘zoynak, tibbiyot niqobidan foydalangan holda pullarni naqdlashtirib olgan.  

Gumonlanuvchilar tezkor texnik tadbirlar natijasida qisqa fursatda aniqlanib, ulardan telefon apparatlar, ko‘plab bank kartalari ashyoviy dalil sifatida olinib, rasmiylashtirildi. Shuningdek, ulardan biri onasiga berib yuborgan 59 million 800 ming so‘m miqdordagi naqd pul xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olindi.  

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar sud organlariga yuborildi. Sud qaroriga ko‘ra, ular Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, biriga 2 yili uch oy, ikkinchisiga esa ikki yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.  

Oliy ta’lim dargohini bitirish arafasida turgan bo‘lajak moliyachilar qilgan xatosi va sodir etgan jinoyati ortidan rasmiy ish joyiga emas, balki qamoqxonaga ravona bo‘ldi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA