O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoiy holatlarga chek qo‘yilmoqda.
Departamentdan ma’lum qilishlaricha, giyohvandlik vositalarini mamlakatimiz hududi bo‘ylab tashish va sotish bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni aniqlash hamda ularning jinoiy faoliyatini fosh etish borasida huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda muntazam ravishda tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda.
Xususan, Jizzax viloyatida joylashgan “Manas” yo‘l-patrul maskanida Surxondaryo viloyatidan Toshkent shahriga kelayotgan avtomashina yo‘lovchisi, Boysun tumanida yashovchi, muqaddam bir necha bor sudlangan, 44 yoshdagi shaxs tekshirilganda yonida 200 gramm gashish giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Toshkent viloyati Zangiota tumanida esa Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi, 31 yoshdagi muqaddam sudlangan shaxs, 700 gramm gashish giyohvand vositasini 7 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi 49 yoshdagi shaxs 100 gramm gashish va 10 gramm opiy giyohvandlik vositasini 10 million so‘mga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Jizzax viloyatida joylashgan “Sangzor” yo‘l-patrul maskanida Samarqand viloyatidan Toshkent shahriga kelayotgan avtomashina yo‘lovchisi, Urgut tumanida yashovchi 26 yoshdagi shaxs tekshirilganda yonida 100 grammga yaqin opiy giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Dang‘ara tumanida yashovchi 33 yoshdagi shaxs Farg‘ona viloyatidan Toshkent shahriga 200 gramm gashish giyohvandlik vositasini olib kelib, Chilonzor tumanida 34 million so‘m pul evaziga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Giyohvandlik vositalari tarqalishiga qarshi kurashish borasida ishlar davom ettirilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA