Muborak Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan yurtimizning barcha hududlaridagi masjidlarda keng aholi ishtirokida taroveh namozlari ado etiladi. Bu jarayonda xavfsizlikni ta’minlash juda muhim.
Shu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar haqida Ichki ishlar vazirligi (IIV) Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova ma’lumot berdi:
– Ramazon oyi davomida yurtimiz bo‘ylab taroveh namozlarida yurtdoshlarimiz va yurtimiz mehmonlarining keng ishtirok etishi kutilmoqda.
Bu jarayonda fuqarolarning osoyishtaligi va jamoat tartibini ta’minlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan zarur tashkiliy va xavfsizlik choralari ko‘riladi.
Respublikamizning 2 mingdan ortiq masjidida taroveh namozlari 18-fevral kuni soat 20:30 dan keyin o‘qilishi rejalashtirilgan. Bu tadbirda har kuni taxminan 1 million nafarga yaqin fuqaro tashrif buyurishi kutilmoqda.
Namoz paytida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash uchun jami 20 ming nafarga yaqin ichki ishlar organlari, milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar bo‘linmalari xodim va harbiy xizmatchilari jalb etiladi.
Masjidlar atrofi videokuzatuv kameralari bilan to‘liq jihozlangan bo‘lib, IIV Jamoat xavfsizligi departamenti monitoring va muvofiqlashtirish markaziga integratsiya qilingan.
Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashga respublika bo‘ylab 2 500 mingga yaqin yo‘l-patrul xizmati xodimlari jalb etiladi. Hududiy hokimliklar bilan birgalikda bevosita avtomobil yo‘llariga yondosh joylashgan masjidlar atrofidagi yo‘llarda transport vositalari harakatini vaqtinchalik cheklash choralari ko‘riladi.
Masjidlarga kirish joylarida maxsus beton yoki metall to‘siqlar o‘rnatilib, 150 metr uzoqlikda alohida avtoturargohlar tashkil etiladi.
Favqulodda holatlar yuzaga kelganda transport vositalarining evakuatsiyasini tashkil etish maqsadida ob’ektlar oldiga 200 dan ortiq maxsus texnikalar joylashtiriladi.
Masjidlar atrof-hududlarida tashkil etilgan avtoturargohlarda o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishining oldini olish maqsadida ichki ishlar organlari va milliy gvardiya harbiy xizmatchilari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat guruhlar patrullik qiladi.
IIV yurtdoshlarimizdan tartib-qoidalarga rioya qilgan holda, bir-birimizga hurmat va ehtirom ko‘rsatib, muborak oyni munosib tarzda o‘tkazishni so‘raydi.
N.Abduraimova, O‘zA