O‘zbekistonda fuqarolar, tadbirkorlar va investorlarni har qanday vaziyatda ishonchli himoya qiladigan mustahkam tizim yaratilgan.
Har bir shaxsning haq-huquq va erkinliklari qonun bilan kafolatlanadi va unga nisbatan hech kimning kuch ishlatib, tazyiq o‘tkazishga haqqi yo‘q.
Ammo buni unutib qo‘yayotgan, xalqimiz tili bilan aytganda, “o‘zini xon – ko‘lankasini maydon” sanab yurganlar ham yo‘q emas.
Ichki ishlar vazirligi (IIV)tizimi xodimlari bunday holatlarga nisbatan o‘z vaqtida chek qo‘ymoqda. Misol uchun, yakka tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi shaxs ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, o‘ziga nisbatan uyushtirilayotgan suiqasd bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan. Unda 5 nafar shaxsdan iborat uyushgan guruh 1,5 ming AQSH dollari evaziga qotil yollab, uni qasddan o‘ldirib berishga kelishganini ma’lum qilib, yordam so‘ragan.
Alohida ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz tomonidan huquq-tartibot organlariga bunday jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha qat’iy vazifalar qo‘yilgan.
IIV axborot xizmatidan xabar berishlaricha, mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Paxtaobod tumani hududida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida maxsus tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, 1984-yilda tug‘ilgan, «Ronaldo» laqabli jinoiy guruh yetakchisi muqaddam Jinoyat kodeksining 105, 109, 167, 184, 189, 228, 276 va 277-moddalari bilan sudlangan.
U 2000-yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 168, 169, 277-moddalari bilan 7 marotaba sudlangan yollanma qotilga tadbirkorni qasddan o‘ldirib berish evaziga 1,5 ming AQSH dollari bermoqchi bo‘lgan. Shundan dastlab 300 ming so‘m pulni berayotgan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, «Ronaldo» laqabli bu shaxs boshchiligidagi jinoiy guruh a’zolari ham ushlandi. 1984-yilda tug‘ilgan Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, muqaddam Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan sudlangan, laqabi «Glavrach», keyingisi 1984-yilda tug‘ilgan muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan sudlangan laqabi «boksyor» va 1984-yilda tug‘ilgan fuqaro hamda o‘zlarining qabih jinoiy harakatlariga yoshlarni ham sherik qilgan 2003-yilda tug‘ilgan tibbiyot instituti talabasi ham tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.
Mazkur jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi «p» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
N.Abduraimova, O‘zA