IIV Tezkor-qidiruv departamenti odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha izchil ishlarni amalga oshirmoqda.
Navbatdagi tadbirda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida odam savdosi jinoyatini sodir etib kelayotgan uyushgan jinoiy guruh a’zolarini aniqlash bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazildi.
1971-yil Tojikiston Respublikasida tug‘ilgan ayol mazkur uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilib, o‘zining O‘zbekistonda yashovchi jinoiy sheriklari orqali telegram tarmog‘ida “Kuala-Lumpur shahridagi restoranga yangi xodimlarni ishga olamiz” sarlavhasi ostida e’lon joylab kelgan.
Ularga murojaat qilgan shaxslar bilan guruhning Toshkentdagi a’zolari uchrashib, turli xil yolg‘on va’dalar bilan ularni Kuala-Lumpurga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelgan.
Tezkor tadbir davomida Tojikiston fuqarosi bo‘lgan ayol qo‘l ostida ishlash uchun kelgan qizlarni shahvoniy ekspluatatsiyaga majburlagan.
Yolg‘on va’dalarga ishonib borgan yigitlarning esa fuqarolik pasportlarini olib qo‘yib, o‘zlari majburiy mehnatga jalb qilingan.
“500 AQSH dollari miqdoridagi oylik maosh, bepul turar-joy, to‘rt mahal oziq-ovqat bilan ta’minlash” kabi va’dalarning hammasi yolg‘on bo‘lib chiqqan.
Ishchi vizasini ololmagan yigitlar, tabiiyki, hech qanday ish haqi ham olmagan.
Shu vaqtga qadar ushbu jinoiy guruhdan jabr ko‘rgan 8 nafar shaxs aniqlanib, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur departamentning hududiy bo‘linmalari DXX va DBQ xodimlari hamkorlikda katta miqdordagi giyohvandlik vositalari kontrabandasiga chek qo‘ydi.
Andijon viloyati Bo‘ston tumani hududida joylashgan dala maydoniga ko‘mib ketilgan 9 kg. 447 gr. (gashish) giyohvandlik vositasini olgan vaqtida 1990, 1996, 1980, 1981-yillarda tug‘ilgan uyushgan guruh a’zolari tezkor-tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, transmilliy jinoiy uyushmaning O‘zbekistondagi tashkilotchilaridan bo‘lgan shaxs Qirg‘izistonda yashovchi fuqaroning ko‘rsatmasiga asosan yuqoridagi geolokatsiyadan giyohvandlik vositalarini olib, boshqa hududlarga tarqatishi lozim bo‘lgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida 94 ming 470 dona bir martalik dozaga teng bo‘lgan giyohvandlik vositasi tarqalishining oldi olindi.
Mazkur holat yuzasidan ushbu jinoiy guruhga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga asosan 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi nazarda tutilgan.
Narkojinoyatlarni erta aniqlash hamda ularning oldini olishdagi tezkor qidiruv tadbirlari kuchaytirilgan tartibda davom ettirilmoqda.
Norgul Abduraimova, O‘zA