Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IIV: mansab vakolatidan foydalanib pora olmoqchi bo‘lgan shaxslar fosh etildi
11:49 / 2026-01-30

Davlatimiz rahbari jamiyat xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid qilayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta’sirchan choralarni belgilash yuzasidan bir qator vazifalarni belgilab berdi.

Shundan kelib chiqib, Ichki ishlar vazirligi tizimlarida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borilmoqda.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tezkor tadbirlar o‘tkazish amaliyoti kuchaytirildi.  

IIV Tezkor qidiruv departamenti Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ko‘p yillik 9 dona daraxtni kesishga ruxsat berish evaziga 3 ming AQSH dollarini talab qilgan shaxs qo‘lga olindi.  

Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Bo‘stonliq tumani bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan bu shaxs tumanidagi mahallalardan birida ushbu pul mablag‘larini olgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.      

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining  210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.  

Keyingi holatda poytaxt hududida olib borilgan tezkor-surishtiruv tadbirlari davomida qonun talablarini mensimasdan, moddiy manfaat evaziga noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan shaxslar aniqlandi

Davlat kadastrlar palatasi Karmana tumani filiali mutaxassisi, Navoiy viloyati Karmana tumanida yo‘l bo‘yida 3 ta yengil tipdagi savdo do‘konlari qo‘yishga mo‘ljallangan 3 sotix bo‘sh yer maydonini auksionga qo‘yib, kelgusida Karmana tumani Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligida ishlovchi tanishlari orqali ruxsat olib berishini aytib, jami 200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilib olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.  

Korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish borasida tizimli va qat’iy choralar davom ettirilmoqda. Zero, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Ayrim mansabdor shaxslarning xizmat vakolatidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.  

Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan olib borilgan tadbir natijasida esa o‘z xonadonida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etgan shaxs aniqlandi.  

1966 yilda tug‘ilgan Andijon shahrida yashovchi fuqaro xonadonida 6 nafar kishini to‘plab, navbatdagi qimor o‘yinini o‘tkazayotgan paytda fosh etildi.  

Tezkor tadbir davomida qimor o‘ynalayotgan xonada 3 million 155 ming so‘m, 100 dollar va 30 rubl, 6 dona hayvon suyagidan yasalgan oshiqlar, yelim idishlar hamda xonadon egasiga  qimor o‘ynashlik uchun sharoit yaratib berganligi uchun tayyorlab qo‘yilgan 300 ming so‘m daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi.  

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ichki ishlar organlari tizimlarida jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan bunday tadbirlar davom ettirilmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA