Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan joylarda uchrayotgan jinoyatlarni fosh etish, jinoyatga qo‘l urayotgan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti hamda Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi tezkor-qidiruv xizmati xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi erkak va ayol katta miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm va boshqa viloyatlardagi tanishlariga sotayotgani aniqlandi.
Samarqand - Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan “Epika” rusumli avtomashinada maxsus xaridorga 560 dona “Regapen” va 100 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 56 million so‘mga sotgan shaxs haqida ma’lumot tushishi bilan xizmat xodimlari Bulung‘ur tumanida joylashgan yo‘l-patrul maskanida “Epika” rusumli avtomashinani to‘xtatib, tekshirdi.
Avtomashina yukxonasida ikki qutidagi idishlar ichiga yashirilgan 2 ming 800 dona “Regapen 300 mg”, 896 dona “Gerika 300 mg”, 140 dona “Tropikamid”, jami 3 ming 836 dona umumiy bahosi 322 million 200 ming so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olindi.
Shuningdek, 1988 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahar Yangihayot tumanida vaqtincha yashovchi ayol ushlandi. O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida noqonuniy muomaladan 367 million 920 ming so‘mlik “Pregabalin” va “Tropikamid”, jami 4 ming 536 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi qo‘lga olindi.
Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari Tezkor-qidiruv departamenti hamda Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Qo‘qon shahri hududida keng ko‘lamli profilaktik va tezkor-qidiruv tadbirlari olib borildi.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida katta miqdordagi giyohvandlik vositasining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.
1984 yilda tug‘ilgan Buvayda tumani Yangiqo‘rg‘on shaharchasida yashovchi shaxs Qo‘qon shahri Ho‘qandiy ko‘chasida maxsus xaridorga 13 ming AQSH dollari evaziga 1 kg 30 gr “gashish” giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA