Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IIV ishchi guruhi Surxondaryoda
11:13 / 2021-12-04

Surxondaryo viloyatida jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash ishlarni o‘rganish va ichki ishlar organlarining quyi tizimlariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi Ishchi guruh o‘z faoliyatini boshladi.

Prezidentimizning joriy yil 2 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Ishchi guruh viloyatdagi kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirishga qaratilgan maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazmoqda.

Mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, aholining mavjud muammoli masalalarini aniqlash va hal etishga ko‘maklashmoqda.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, shu kungacha vohada 864 fuqaroning ijtimoiy-maishiy muammolari o‘z yechimini topdi. Jumladan, 119 nafar voyaga yetmaganlar ta’limga qaytarildi. 92 nafar ayolga “Himoya orderi” rasmiylashtirildi. 33 ta oila yarashtirilib, 40 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. 480 nafar uyushmagan yoshlar bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi. 31 ta jinoiy va 347 ta ma’muriy holat aniqlandi.

Maxsus tadbirlar chog‘ida 17 nafar qidiruvdagi shaxs ushlanib, 9 ta jinoyat fosh etildi. 32 dona o‘qotar qurol ixtiyoriy ravishda topshirilib, 90 dona o‘q-dori olib qo‘yildi. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha 2 ming 983 ta qoidabuzarlik aniqlanib, ularga tegishli ta’sir choralari ko‘rildi.

O‘rganishlar davomida tuman va shaharlarni jinoyatdan holi namunali va xavfsiz hududga aylantirish, xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi hamda bu borada shahar va tumanlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlar faoliyatining natijalari, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash ahvoli o‘rganilib, hududlardagi sektor rahbarlarining kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish bo‘yicha tashabbuslari samaradorligi ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, viloyat hududida ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat o‘tash va yashash sharoitlari o‘rganilib, aniqlanayotgan muammo va kamchiliklar bartaraf etilmoqda.  

Ishchi guruhning viloyatda tezkor-profilaktik tadbirlari va uchrashuvlari davom etmoqda.

Xolmo‘min  Mamatraimov, O‘zA