Yozgi ta’til kunlarida farzandlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlar jarayonida xavfsizlikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova shu savolga javob berdi:
– Xabaringiz bor, joriy yil 15 may kuni davlatimiz rahbari huzurida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Unda yozgi ta’til vaqtida bolalar va yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, voyaga yetmaganlar bilan har qanday salbiy holatlar hamda ular o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish maqsadida respublika miqyosida “Dolzarb 90 kunlik” tadbiri e’lon qilindi.
Xususan, yozgi oromgohlarda dam olayotgan bolalar va mahallalarda o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sportga qiziqishlarini oshirishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlarini kompleks tashkil etish va muvofiqlashtirish respublika idoralararo va hududiy ishchi guruhi tarkibi tuzildi.
Joriy yilning 1 iyun kunidan boshlab 15 iyunga qadar 3 mingdan ortiq kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari va tarbiyasi og‘ir voyaga yetmaganlar yozgi oromgohlarga jalb etildi. 361 nafar ota-onasi chet davlatlarda yurgan voyaga yetmaganlarga vasiy va homiylar tayinlandi.
Yoshlar o‘rtasida giyohvandlik vabosi, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishdan ehtiyot bo‘lish, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati kabi mavzularda 6 mingdan ortiq profilaktik targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Sportning voleybol turi bo‘yicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqalarining mahalla, tuman va viloyat bosqichlari o‘tkazildi.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va ichki ishlar organi sohasiga qiziqishlarini oshirish maqsadida “Uch avlod”, “General va yoshlar uchrashuvi”, “Barchamiz birdam – Vatan mustahkam” kabi mavzularda tadbirlar muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
Bolalar o‘rtasida yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib qilish va yo‘llarda harakatlanish qoidalari bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida mahallalar va yozgi oromgohlarda “Yo‘l harakati qoidalari bilimdoni”, “Eng namunali piyoda”, “Yashil chiroq” kabi viktorina va musobaqalar o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, IIVning ashula va raqs ansambli tomonidan respublikamiz barcha hududlarining markaziy maydonlarida konsert dasturlari namoyish etilmoqda.
Hukumatimizning tegishli qaroriga binoan, bolalarning yozgi dam olish oromgohlarida xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq turli noxush hodisalar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi ishlarni tashkil etish va nazorat qilish yuzasidan vazirlik sohaviy xizmatlari rahbarlaridan iborat “Tezkor shtab” va “G‘amxo‘rlik - 2025” ishchi guruhi tashkil etildi. Hududiy ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari xodimlari hududlarga mas’ul etib biriktirildi.
Joriy yilda respublika bo‘yicha 189 statsionar va 1 ming 239 kunduzgi oromgohda 300 mingdan ziyod bolalar dam oladi. 15 iyun holatiga 180 statsionar oromgohga 36 ming 464 nafar bola qabul qilingan.
Oromgohlar va ularning atrofida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Ichki ishlar organlari, Qo‘riqlash departamenti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlari, inspektor-psixologlar, shuningdek, bolalarning salomatligini ta’minlash va nazorat qilish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda tibbiyot xodimlarining doimiy navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi.
Tadbir davomida bolalarni oromgohlarga olib borish uchun 1 ming 379 avtobus ajratilgan va unga 500 nafarga yaqin yo‘l-patrul xizmati xodimi biriktirildi.
Bu boradagi profilaktik tadbirlar davom etmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA