English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IIV: 45 uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi
14:40 / 2026-03-10

Mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy va kriminogen vaziyatni nazorat qilish, uyushgan jinoyatchilikka hamda qurol-yarog‘ noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish ishlari izchil yo‘lga qo‘yildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilayotgan kompleks tezkor chora-tadbirlar natijasida millionlab aholining xavfsizligi ta’minlanib, jinoyatchiliklar oldi olinmoqda.

IIV axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning yanvar-fevral oylarida respublikamizda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan 6 ming 25  maxsus tezkor tadbir amalga oshirildi.  

Jumladan, 806-marta tong tadbirlari tashkil etilib, 2 ming 876 tintuv o‘tkazilgan. Tezkor tadbirlar davomida jami 45  uyushgan jinoiy guruhning noqonuniy faoliyati bartaraf etilgan.

Tadbir davomida 116 tovlamachilik, 315 noqonuniy qurol bilan bog‘liq, 86 qimorxona tashkil etish va 40 odam savdosi, 790 OIV infeksiyasini tarqatish, fohishaxona tashkil etish kabi jinoyatlar aniqlangan.  

Qidiruvda bo‘lgan 533 nafar shaxs ushlanib, ularga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi.  

Yanvar-fevral oylarida jami 3 ming 150 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2 ming 934 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan hamda 980 nafariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Tadbir boshidan noqonuniy qurol saqlash bilan bog‘liq 315 jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Natijada 4 ming 570 sovuq qurollar olingan. Bular – 50 bita, 72 kastet, 4 mingdan ziyod o‘tkir tig‘li jismlar va boshqa turdagi sovuq qurollarni tashkil etgan.  

Daliliy ashyo sifatida 5 ming 814 dona o‘q-dorilar va 3 kg. 715  gramm portlovchi moddalar olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda kriminogen vaziyatga ta’sir ko‘rsatuvchi, yoshlar va aholi orasida buzg‘unchi yot va jinoyat olami g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi 47 akkaunt bloklangan.

Jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz kurash olib borish hamda jamiyatda sog‘lom muhitni mustahkamlash bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan qat’iy choralar davom ettirilmoqda.  

N.Abduraimova,

O‘zA