Ayni damda ko‘plab sohalarda 2025 yil bo‘yicha sarhisob va yangi yil rejalariga oid yig‘ilishlar tashkil etilmoqda. Muvaffaqiyatlar e’tirof etilib, kamchiliklar muhokamaga tortilmoqda. Maqsad mamlakatimizda ilgari surilayotgan siyosatning mohiyatini amalda tezroq tatbiq etish.

Shu maqsadda Yakkasaroy tumanida joylashgan To‘qimachilik va yengil sanoat institutida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda 2025 yil davomida tuman hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida faollik ko‘rsatib, namunaviy xizmat qilgan IIO FMB xodimlarining oila a’zolariga tashakkurnomalar topshirildi.
Yakkasaroy tuman IIO FMB boshlig‘i Alisher Murodov boshchiligida o‘tkazilgan ushbu yig‘ilishda xizmat faoliyati davomida kamchilikka yo‘l qo‘ygan rahbar va xodimlar ishtirokida tanqidiy-tahliliy muhokamalar olib borilib, mavjud muammolar yuzasidan tegishli xulosa va vazifalar belgilandi.

Tadbir yakunida huquq-tartibot sohasida mas’uliyatni yanada oshirish, xizmat intizomini mustahkamlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilishi lozimligi ta’kidlandi.
Sherbek Islomov,
O‘zA