French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlari oldidan. Shahrullo Mahmudov: “Argentinada medallar uchun kurashamiz”
19:33 / 2018-09-27

Shu yilning 6-18 oktyabr kunlari Argentinada III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlari oʻtkaziladi. Har toʻrt yilda tashkil etiladigan ushbu nufuzli musobaqada vatanimiz sharafini bu safar 37 nafar sportchimiz himoya qilishidan xabaringiz bor. Shundan uch nafari ogʻir atletika sporti vakillaridir.

Shu yilning 6-18 oktyabr kunlari Argentinada III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlari oʻtkaziladi. Har toʻrt yilda tashkil etiladigan ushbu nufuzli musobaqada vatanimiz sharafini bu safar 37 nafar sportchimiz himoya qilishidan xabaringiz bor. Shundan uch nafari ogʻir atletika sporti vakillaridir.

2014-yili Xitoyning Nankin shahri mezbonlik qilgan II yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida ogʻir atletikachilarimiz ham terma jamoamiz muvaffaqiyatlariga munosib ulush qoʻshishgandi. Oʻshanda Farhod Sobirov kumush, Adhamjon Ergashev esa bronza medaliga sazovor boʻlishgan. Quvonarlisi, bugungi kunda ushbu sportchilarimiz asosiy terma jamoamiz safidan mustahkam joy olishgan va hozirda joriy yil noyabr oyida Turkmanistonda oʻtkaziladigan navbatdagi jahon chempionati musobaqalariga qizgʻin tayyorgarlik koʻrishmoqda. Yurtimizda esa ularga munosib oʻrinbosarlar yetishib chiqayapti. Shu bois bu safar ham mutaxassislar ogʻir atletikachilarimizdan yuksak natijalar kutishmoqda.

– Argentinada oʻtkaziladigan III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida terma jamoamiz safida uch nafar atletimiz supachaga chiqishadi, – dedi biz bilan suhbatda Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Shahrullo Mahmudov. – Oʻsmirlar oʻrtasida -77 kg. vazn toifasida Muhammadqodir Toshtemirov, qizlardan esa -63 kg. vazn toifasida Kumush Fayzullayeva hamda -90 kg. vaznli atletlar orasidagi bahslarda ishtirok etadigan Dalera Fayzullayeva III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalarni Taylandda oʻtkazilgan yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida qoʻlga kiritishgan edi. Bugungi kunda sportchilarimiz muntazam tayyorgarlik jarayonini olib borishmoqda va umid qilamizki ular Argentinadagi musobaqaga oʻzlarining optimal holatida yetib borishadi. Bizning atletlar bilan bir vazn toifalaridagi jahonning yetakchi sportchilari tomonidan yil davomida qayd etilgan natijalarga qarab xulosa chiqaradigan boʻlsak, vakillarimizning har birida III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida sovrindorlar safidan joy olish, hatto chempion boʻlish uchun ham imkoniyatlar yetarli. Kezi kelganda taʼkidlash joiz, yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlari biz uchun muhim musobaqalardan sanaladi. Bundan toʻrt yil muqaddam Nankinda oʻtkazilgan musobaqada qatnashgan atletlarimiz bugun kattalar oʻrtasida ham oʻz soʻzlarini aytishmoqda. Ishonamanki, Argentinada boʻladigan III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida ham biz yaqin zahiramizni koʻzdan kechirib olamiz va kelgusida ular ham akalari singari jahon arenalarida vatanimiz sharafini munosib himoya qilishadi.

Oʻzbekiston sport delegatsiyasi Argentinaga 4 oktyabrda joʻnab ketishi rejalashtirilgan.

Otabek Eshmamatov, jurnalist