Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
III Xalqaro hunarmandlik festivali mavzusi Kuvayt matbuotida
17:46 / 2025-09-22

Madaniyat, san’at va adabiyot bo‘yicha Milliy kengash va Kuvayt hunarmandlar uyushmasi O‘zbekistondagi Xalqaro hunarmandlik ko‘rgazmasida ishtirok etdi.

Ushbu arab davlati axborot agentligi – “Kuna” 19-21 sentyabr kunlari Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan III Xalqaro hunarmandlik festivalini keng yoritdi. Masalan, Kuvayt Qadimiy hunarmandlik uyushmasi direktori Husayn Al-Bazzoz anjumanda yog‘och kema (qalafa) yasash hunarini taqdim etganiga e’tibor qaratilgan. Rassom va kulol Ali Al-Avod hamda kulolchilik uyi rahbari Dimat Al-Qurayniy Madaniyat, san’at va adabiyot bo‘yicha milliy kengash tomonidan tayyorlangan ayvonda o‘ziga xos sopol ishlarini, assotsiatsiya a’zosi Nadiya Al-Hammadiy sadu to‘qish hunarini namoyish etgan.

“Kuna” bilan suhbatda Al-Bazzoz mazkur an’anaviy festivalni dunyo hunarmandlari uchun global maydon, deya ta’riflab, bir necha yil ichida soha bo‘yicha eng nufuzli xalqaro tadbirlardan biriga aylanganini qayd etdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu yil Qo‘qonga 71 davlatdan 300 dan ko‘p tajribali hunarmand kelgan. O‘zbekistondan esa 1000 ga yaqin mahalliy hunarmand o‘zbek madaniy merosi boyligi va rang-barangligini aks ettiruvchi mahsulotlarni targ‘ib etmoqda. Kulolchilik maktabi va sanoati bilan mashhur Rishtonda Xalqaro forum bo‘lib o‘tgani tadbirga qo‘shimcha mazmun bag‘ishlab, turli xalqaro san’at maktablari ustalari o‘rtasida tajriba almashish imkonini bergan. Boy va rang-barang tadbirlar zamonaviy dizayndagi hunarmandlik buyumlaridan foydalanishni aks ettiruvchi moda namoyishi bilan birga ixtisoslashgan ko‘rgazma, mahorat darsi va an’anaviy hunarmandlikka doir jonli namoyishlarni o‘z ichiga olgani ta’kidlangan. Farg‘ona vodiysining o‘ziga xosligi va madaniy an’analarini mujassam etgan folklor, musiqa va badiiy chiqishlar ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgan. Qo‘shimcha qilinishicha, festival faqat madaniy-badiiy jihatlari bilan cheklanib qolmay, ommabop musobaqalar, jumladan milliy taom – palov tayyorlash, mahalliy kurash kabi ommaviy ko‘ngilochar tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, tashrif buyuruvchilarga milliy taomlar maxsus pavilonida asl o‘zbek taomlaridan tatib ko‘rish imkoni berildi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA