O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tadigan III Xalqaro hunarmandchilik festivali hamda Rishton tumanida tashkil etiladigan II Xalqaro kulolchilik forumiga tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, mazkur festival va forum davlatimiz rahbarining 2018 yil 1 noyabrdagi hamda 2021 yil 23 avgustdagi qarorlari ijrosi doirasida joriy yilning 19–21 sentyabr kunlari o‘tkazilishi belgilangan.
Tayyorgarlik ishlari doirasida festival va forumni moliyalashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasi ishlab chiqildi hamda uch kunlik dastur ishlab chiqilib, tashkiliy ishchi guruhga kiritildi.
[gallery-24946]
– Qo‘qon shahridagi “O‘rda” maydoni va Rishton tumanidagi “Xalqaro kulolchilik markazi”da pavilonlar joylashuvi sxemasi tayyorlandi. Festival sovrindorlari va ishtirokchilariga topshiriladigan diplom hamda sertifikatlar loyihalari ishlab chiqildi hamda mahalliy hunarmandlarning ishtirok tartibi va tadbir dasturlari uyushmaning rasmiy saytida e’lon qilinib, muntazam yangilanmoqda.
Joriy yilgi mazkur tadbirlarda dunyoning 70 davlatidan 278 nafar xorijiy mehmon qatnashishi rejalashtirilgan. Shulardan 232 nafar ishtirokchi Qo‘qon shahridagi festivalda qatnashadi.
Festival va forumda yurtimizning barcha hududlaridan 412 nafar mahalliy hunarmand ham ishtirok etadi. Ulardan 369 nafari Qo‘qon festivalida, 43 nafari esa Rishton kulolchilik forumida o‘z ishlarini namoyish etadi.
Bu yilgi festivalning muhim yangiligi shundaki, “Hunarmand” uyushmasi tashabbusi bilan ilk bor xalqaro toifadagi savdo agentlari, brendlashtirish sohasidagi jahon ekspertlari, Parijdagi taniqli moda mutaxassislari, elektron tijorat bo‘yicha mutaxassislar, xalqaro ansambllar taklif etilgan.
Bu tashabbuslar festivalning xalqaro nufuzini oshirish, hunarmandchilik mahsulotlarining jahon bozoridagi o‘rnini mustahkamlash, ularni brend sifatida ilgari surish hamda xalqaro maydonga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Festival doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar ham tashkil etiladi. 19–20 sentyabr kunlari Qo‘qon davlat drama teatrida “Hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida, 20 sentyabr kuni esa Rishton tumanidagi Xalqaro kulollar markazida “An’anaviy kulolchilikni saqlash va rivojlantirish: muammo va yechimlar” mavzusida konferensiyalar bo‘lib o‘tadi.
Konferensiyalar hunarmandchilik sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari, tajriba va g‘oyalar almashinuvi, hamkorlikni kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Mahalliy hunarmandlar kulolchilik, zargarlik, misgarlik, milliy chokish va to‘qimachilik kabi yo‘nalishlarda o‘z mahsulotlarini namoyish etib, milliy mahsulotlarimizni xalqaro miqyosda targ‘ib etishga hissa qo‘shadi.
Festival va forum doirasida hunarmandchilik va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, moda namoyishi, hunarmandlar ko‘rik-tanlovi, savdo-yarmarkalari, milliy ansambl va ijodiy jamoalar chiqishlari, mahalliy va xalqaro brendlar taqdimotlari tashkil etiladi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA