English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
III Toshkent xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida uchrashuvlar o‘tkazildi
10:14 / 2022-11-03

“O‘zekspomarkaz” majmuasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan “TASHKENT BOOK FEST – 2022” III Toshkent xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirga 10 ta xorijiy davlatdan 100 ga yaqin mas’ul idora va tashkilot rahbarlari, mutasaddilari hamda mutaxassislar, shuningdek, 46 ta chet el nashriyot va kitob savdo tashkiloti vakillari ishtirok etmoqda.  

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida tashrif buyurgan Rossiya kitob uyushmasi prezidenti Sergey Stepashin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda AOKA va Rossiya kitob uyushmasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi.  

Memorandumga ko‘ra, tomonlar kitob sanoati, axborot-kutubxona  va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, kitob nufuzini mustahkamlash hamda kitobxonlikni ommalashtirish, xalqaro hamjamiyatni O‘zbekiston va Rossiya xalqlarining adabiy merosi, tarixi va madaniyati bilan tanishtirish borasida hamkorlik qiladi.  

Shuningdek, agentlik direktori Asadjon Xodjayev Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi qoshidagi Kutubxonalar va nashriyotlar agentligi bosh direktori Ali Odabashi, Turkiya Noshirlar uyushmasi raisi, Xalqaro nashriyotchilar uyushmasi ijroiya kengashi a’zosi Kenan Kojaturk, Turkiya Matbuot va axborot uyushmasi raisi Mustafo Karaguloglu, Turk tili assotsiatsiyasi direktor o‘rinbosari Omar Go‘k, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi Kommunikatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Hamdi Turshuju bilan uchrashdi.  

Uchrashuvda kitob mutolaasini ommalashtirish, axborot-kutubxona, noshirlik va matbaa xizmatlarini takomillashtirish, muammolar va yutuqlar, ularning yechimida hamkorlik qilish, ilg‘or tajriba almashish muhokama qilindi.  

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasi targ‘ibotida hamkorlik qirralarini kengaytirish ko‘zlangan maqsadlarga erishishda muhim ahamiyatga ega.  

 

O‘zA