Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
III Toshkent xalqaro investitsiya forumi olidan brifing tashkil etildi
18:23 / 2024-04-17

Tez orada poytaxtimiz butun dunyo e’tiboridagi yana bir yirik anjuman – III Toshkent xalqaro investitsiya forumini qabul qiladi. Geografiyasi yil sayin kengayib borayotgan mazkur tadbir mamlakatimiz investitsiya muhitini jahonga namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ilk bor tashkil etilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida 7,8 milliard dollarlik shartnoma imzolangan, o‘tgan yil, ikkinchi forumda esa ushbu ko‘rsatkich 11 milliard dollarga ko‘tarilgan. Joriy yil esa jami 17 milliard dollarlik kelishuv imzolanishi kutilmoqda.

Bugun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida III Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisini yuqori darajada o‘tkazish maqsadida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida brifing tashkil etildi.

Qayd etilishicha, 2-3-may kunlariga belgilangan anjumanni har jihatdan mukammal va yuqori darajada o‘tkazish uchun tashkil qilingan Idoralararo shtabga 30 ga yaqin vazirlik va idoradan 100 dan ziyod mas’ul rahbar xodim biriktirilgan.

Hozirgacha 2100 kishi Forumda ishtirok etishini tasdiqladi. Umuman III TXIF 77 davlat vakillarini birlashtirishi, 100 dan oshiq oliy martabali mehmonni qabul qilishi kutilyapti. Xususan, poytaxtimizga hukumatlar rahbarlari, yirik investorlar, kompaniyalar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari va hukumat moliya tashkilotlari rahbarlari, vazirlar, ekspertlar, diplomatlar va boshqa yuqori darajadagi mehmonlar taklif etilgan. Ular orasida Singapur Milliy Assambleyasi spikeri, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi, BAA Iqtisodiyot vaziri, ETTB va OPEK Prezidentlari, “ACWA Power” kompaniyasi raisi, “Orano” ijrochi direktori bor.

Yig‘ilishlarda xalqaro hamjamiyat oldida turgan eng dolzarb masalalar ko‘tariladi. Masalan, “Suv resurslarini boshqarishda hukumat, biznes va jamiyatning o‘rni”, “Trade Connect Central Asia+” dasturini ishga tushirish”, “JSTga integratsiya”, “Energetika va infratuzilma sohalaridagi investitsiya loyihalari”, “Kichik va o‘rta biznes ko‘lamini kengaytirishda hukumat, investor va tadbirkorlar o‘rni”, “Raqamli texnologiya asrida bank sohasi”, “Yashil energiyaga investitsiya kiritish”, “Startap, texnologiya va moliyalashtirish”, “Markaziy Osiyo xalqaro moliya markazini tashkil etish”, “Elektron tijoratga investitsiya kiritish”, “Xususiylashtirish va davlat aktivlari”, “Maxsus iqtisodiy zonalar istiqboli”, “Mintaqa ekologik rivojida investitsiyaning o‘rni”, “Ta’minot zanjiri va barqarorlik: o‘zgaruvchanlik davrida muvozanatga erishish” kabi qator mavzular muhokama qilinadi. Raqamlashtirish, investitsiya, infratuzilma, yashil iqtisodiyot, tog‘-kon metallurgiyasi sanoati, savdo, turizm sohalari investitsiya salohiyati namoyish etiladi. Shuningdek, xorijiy investorlar O‘zbekiston hududlariga bag‘ishlangan alohida davra suhbatlarida ishtirok etadi.

Forum milliy va xorijiy OAV, xususan “CNN International”, “Society”, “London Post”, “Daily News Hungary”, “Business & Diplomacy”, “The Korea Herald”, “Times Kuwait”, “Akchabar”, “Axbar Al-Yavm”, “CBC TV Azerbaijan”, “Associated Press of Pakistan”, “RBK”, “TASS”, “Avesta”, “Business Türk”, “Euronews”, “CCTV”, “Yahoo.Finance”, “Europa Press”, “Finanzen.net”, “Benzingna”, “StreetInsider.com”, “SangriTimes”, “Libero” kabi xorijiy axborot agentliklari, jurnal va telekanallar hamda O‘zbekistonning barcha axborot agentliklari, matbuot va OAV tomonidan yoritilishi rejalashtirilgan.

“ACWA Power”, “Uzum”, ITFC, BAT, “Yandex”, Xalqaro moliya korporatsiyasi, ETTB, “Hudson and Sandler” singari yirik xalqaro tashkilot va kompaniyalar hamkor hisoblangan tadbir doirasida yirik investitsiya loyihalari bo‘yicha bitim, savdo shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

Go‘zal Sattorova, O‘zA