O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “Kamalak” bolalar tashkilotida 332 ming 697 nafar yoshlar faoliyat yuritadi. Ulardan, 14 nafari respublika, 196 nafari hududiy, 2 912 nafari mahalliy, 141 834 nafari maktab hamda 187 741 nafari sinf sardorlaridir.
2023-2024 o‘quv yili uchun saylangan sardorlar faoliyat samaradorligini kengaytirish va sardorlarning media savodxonligini oshirish maqsadida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar” oromgohiga 200 dan ortiq hududiy hamda mahalliy sardorlar ishtirokida matbuot va media yo‘nalishiga bag‘ishlangan III Respublika sardorlar forumi tashkil etildi.
Forum doirasida turli xil tadbirlar, jumladan, “Biz keldik” madaniy tanishuv tadbiri o‘tkazildi. Unda hududlardan tashrif buyurgan forum ishtirokchilari tomonidan o‘z hududlarining milliy va an’anaviy qadriyatlarini hamda asrlar davomida sayqallanib kelayotgan kuy-qo‘shiqlarini aks ettiruvchi chiqishlar namoyish etildi.
Shuningdek, forum davomida “Kamalak” bolalar tashkilotining IX rayosat yig‘ilishi, Respublika sardorlar saylovi, media sohasining tajribali vakillari bilan uchrashuvlar va mahorat darslari, “Kamalakda mehmonda”,“Quvnoqlar va zukkolar”, sport musobaqalari, “Munozara” va “Zakovat” intellektual o‘yinlari, shu qatorda mobilografiya, videomontaj hamda ijtimoiy tarmoqlarni yuritish tartibi bo‘yicha seminar treninglar tashkil etildi.
Forum so‘ngida tadbirlarda faol ishtirok etgan hamda loyihalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga maxsus esdalik sovg‘alar va sertifikatlar topshirildi.
Shu bilan birga, 2023-2024 o‘quv yilida faoliyat olib boradigan 14 nafar Respublika sardorlar kengashi a’zolariga zamonaviy planshetlar hamda sardorlar kengashi faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida Qoraqolpog‘iston Respublikasiga 100 million so‘m, Surxondaryo viloyatiga 80 million so‘m, Toshkent viloyatiga 50 million so‘m ajratildi va shu joyning o‘zida sardorlarga vaucherlar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA