III MDH o‘yinlarida stol tennischilarimiz 7 ta medalli bo‘ldi
Ozarbayjonda davom etayotgan III MDH o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiya hisobidagi medallar soni 1 ta kumush va 8 ta bronza, jami 9 taga yetdi.
Xususan, biroz avval stol tennisi bo‘yicha yakkalik bahslarda hamyurtimiz Adelina Hasanova finalda rossiyalik Amina Ilimbetovaga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va kumush medal bilan taqdirlandi. Yakkalik yo‘nalishida shuningdek, Rahmatillo Abdurashidov va Maftuna Gulimova bronza medaliga ega chiqdi.

Shuningdek, mazkur sport turi bo‘yicha jamoaviy bellashuvlarda O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoasi yarim finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etgani uchun bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Stol tennisining juftlik bellashuvlarida esa erkaklar va ayollar terma jamoamiz shohsupaning uchinchi o‘rnidan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA