Ozarbayjonda davom etayotgan III MDH o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining medallari 21 ta oltin, 28 ta kumush va 48 ta bronza medaliga yetdi.
Delegatsiyamizning ushbu medallari stol tennisi, suzish, taekvondo WT, sambo, stenddan otish, badminton, karate, qilichbozlik, sport kurashlari, boks, dzyudo, otish, kamondan otish, baydarka va kanoeda eshkak eshish kabi sport turlari bo‘yicha qo‘lga kiritildi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, boks bo‘yicha o‘tgan bahslarda yigitlarimiz 5 tadan oltin va kumush hamda 1 ta bronza medal jamg‘argan holda birinchi bo‘ldi. Qizlarimiz esa 5 ta oltin, 4 ta bronza medal to‘plab, umumjamoa hisobida tengsiz ekanini isbotladi.

Boks bo‘yicha jami 20 medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi dunyoda hamon yetakchi ekanini isbotladi. Ushbu jadvalda Ozarbayjon termasi 6 ta oltin, 5 ta kumush va 13 ta bronza medali bilan ikkinchi, rossiyalik bokschilar esa 3 ta oltin, 7 ta kumush hamda 5 ta bronza medaliga ega chiqib, uchinchi o‘rindan joy oldi.

Bugun, 6 oktyabr kuni MDH o‘yinlarida voleybolchi qizlarimiz bronza medali uchun Ozarbayjon terma jamoasi bilan raqobatlashadi. Darvoqe, otish, qilichbozlik, 3x3 basketbol, baydarka va kanoeda eshkak eshish hamda badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tadigan bahslarda ham vakillarimiz qatnashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA