Joriy yil davomida mamlakatimiz sportchilari 3 ta kompleks sport musobaqalarida qatnashsa, ular orasida yana ikki kundan so‘ng Ozarbayjonda boshlanadigan III MDH o‘yinlari alohida o‘ringa ega.
Xo‘sh, Ozarbayjonning 7 ta shahrida tashkil etiladigan III MDH o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari nechta sport turida sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi? O‘tgan birinchi va ikkinchi MDH o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasining umumiy natijalari qanday ko‘rinish olgan?

Albatta, Olimpiya o‘yinlari tizimida uyushtiriladigan har qanday kompleks musobaqada katta natijalarni qayd etish sharafli.
Tarixga e’tibor qaratsak, har ikki yilda bir marotaba tashkil etiladigan MDH o‘yinlarining birinchisi ilk bor 2021 yili Rossiya Federatsiyasi Qozon shahrida o‘tkazilgan edi.

O‘shanda mamlakatimizning 168 nafar sportchilari 18 ta sport turida ishtirok etib, jami 90 ta medalni qo‘lga kiritgan. Shundan 23 ta oltin, 32 ta kumush va 35 ta bronza medallariga ega chiqib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallagan.
2023 yil Belarusda bo‘lib o‘tgan II MDH o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 326 nafar sportchilar bilan 22 ta sport turida g‘oliblikka da’vogarlik qildi. O‘tkazilgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, hamyurtlarimiz 106 ta medal, shundan 28 ta oltin, 25 ta kumush va 53 ta bronza medallariga egalik qildi. Umumjamoa hisobida 3-o‘rindan joy oldi.
Bu gal Ozarbayjonda boshlanadigan III MDH o‘yinlarida mamlakatimizning 254 nafar sportchisi 23 ta sport turidagi musobaqalarda vatanimiz sharafini himoya qilishi belgilangan.
O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishchi guruhi ertaga Ozarbayjonga yo‘l oladi.
Musobaqalar 9 oktyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA