English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
III MDH o‘yinlari: Tajriba kelgusi g‘alabalarga mayoq bo‘ladi
08:37 / 2025-10-09

Ozarbayjonda poyoniga yetgan III MDH o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 25 ta oltin, 33 ta kumush va 61 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Ushbu natija orqali mamlakatimiz sportchilari 13 ta davlat orasida  umumjamoada 4-o‘rinni egalladi.

Medallar jamg‘arish borasida 130 ta oltin, 61 ta kumush, 40 ta bronza medali jamg‘argan Rossiya Federatsiyasi jamoasi 1-o‘rinni, Ozarbayjon(33-56-95) ikkinchi, Belarus vakillari (32-38-52) 3-o‘rinni band etishdi.

Qardosh mamlakatning 7 ta shahrida 23 ta sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda O‘zbekiston sport delegatsiyasining 250 nafardan ziyod sportchisi 23 ta sport turidagi qizg‘in bahslarda vatanimiz sharafini munosib himoya qildi.

Erishilgan natijalar holatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 250 nafardan ziyod sportchimizning 119 nafari har jihatdan murosasiz kechgan bellashuvlarda u yoki bu darajadagi sovrinli o‘ringa ega chiqqanligi e’tiborli bo‘lganligini ta’kidlamoq joiz.

O‘yinlar davomida umumiy hisobda 246 ta medallar jamlanmasi uchun kurashlar kechdi. Shiddatli bahslar sarhisobiga ko‘ra, 505 ta oltin, 505 kumush, 684 ta bronza medallari g‘olib va sovrindorlarga taqdim etildi. O‘zbekistonlik yosh sportchilar shundan 119 ta sovringa ega chiqqanligi Ozarbayjon musobaqalari O‘zbek sport harakatining yangi zarvarag‘ini bitganligidan dalolat bermoqda.

Mamlakatimiz sport jamoalarining asosiy e’tibori Bahraynda yoshlar o‘rtasida bo‘ladigan Osiyo o‘yinlariga hamda Saudiya Arabistonida o‘tadigan “Islom birdamlik” o‘yinlariga qaratilgan bir paytda ayrim sport turlarida ikkinchi yoki uchinchi tarkib bilan qatnashgan holda natijaga erishganligini III MDH o‘yinlari O‘zbek sportida yangi-yangi chempionlar avlodi yetishib kelayotganligini ko‘rsatdi.

Musobaqa dasturidan joy olgan kamondan otish yo‘nalishida sportchilarimiz erishgan natijalar xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu sport turida mahoratli yoshlarni saralash ishlari chekka-chekka hududlarda kamolga yetayotgan sportchilarning natijalarida o‘z aksini topmoqda.

Surxondaryo viloyati Uzun tumanining "Obod yurt" mahalla fuqarolar yig‘inidagi Joncheka qishlog‘ida kamolga yetgan 16 yoshli iste’dodli sportchimiz Bekzod Boborajabovning Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston jamoalarining yetakchi merganlari bilan bahslarda oltin va bronza medallarga sazovor bo‘lganligi yangi O‘zbekiston yoshlarining yangi g‘alabalari bardavom ekanligidan, deyish mumkin.

Bekzod Boborajabov musobaqa finalida erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan yakkalik dasturida rossiyalik Pavel Semyonov ustidan 7:3 natija bilan ustunlikka erishib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Jamoaviy bahslarda esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Bundan tashqari, bokschi yosh yigit-qizlarimizning umum jamoada 1-o‘rinni egallashi, sambochilarimizning, gimnastikachilarimizning, qilichbozlarimizning, kurashchilarimizning, dzyudochi va karatechilarimizning katta muvaffaqiyatga erishganligini e’tirof etgan holda o‘yinlarda eng ko‘p medallar jamlanmasi, ya’ni 42 ta sovrinlar jamlanmasi o‘ynalgan suv sport turlarida, o‘yin yo‘nalishlarida yurtimiz sportchilarida omad bilan bir qatorda g‘alabaga bo‘lgan iroda yetishmaganligini taassuf bilan aytish lozim.

Aynan ushbu sport turlarida murabbiy va mutaxassislar, sport federatsiyalarning rahbarlari hali ancha ter to‘kishi kerakki, bu, davlatimiz tomonidan qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan sharoitlarga munosib bo‘lish uchun zarur choralarni amalga oshirishni taqozo etadi.

MDH o‘yinlarining uchinchi karvoni ortda qoldi. Tarixga e’tibor qaratsak, yurtimiz sportchilari 2021 yili Qozonda o‘tgan I MDH o‘yinlarida 23 ta oltin, 32 ta kumush, 35 ta bronza bilan 9 ta davlat orasida 2-o‘rinni, 2023 yili Belarusda tashkil etilgan II MDH o‘yinlarida 28 ta oltin, 25 ta kumush va 53 ta bronza medaliga ega chiqqan holda 14 ta davlat orasida 3-o‘rinni egallagandi.

Umidimiz, keyingi kompleks o‘yinlarda Ozarbayjon o‘yinlarida tuplangan tajriba va ko‘nikma kelgusi musobaqalarda g‘alaba mayog‘i bo‘lib xizmat qiladi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA