Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
III MDH o‘yinlari: 13 ta davlatning nechtasi sovrinli o‘rinlar sohibi?
15:10 / 2025-10-03

Ozarbayjonning 7 ta shahrida davom etayotgan III MDH o‘yinlarining ortda qolgan yettinchi kungi bahslari sarhisobiga ko‘ra, ishtirokchi davlatlarning 7 tasi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 6 ta milliy terma jamoalar bironta ham medalni qo‘lga kirita olmadi.

Yetakchilik borasida rossiyalik sportchilar 96 (64-19-13) ta medallar jamlanmasi bilan karvonboshilik qilayotgan vaziyatda Ozarbayjon vakillari 62 ta (8-21- 33) medal bilan ikkinchi, Belarus sport delegatsiyasi 52 ta (7-19-26) sovrinli o‘rin bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.

O‘zbekiston sportchilari 28 ta (3-8-17) medallar shodasini jamg‘argan holatda kuchli to‘rtlikni band etib turibdi.

Bugun mamlakatimiz sportchilari o‘yinlarning sakkizinchi kunida 10 ta sport turida kechadigan bahslarda qatnashmoqda.

Sportchilarimiz kun davomida futbol (O‘zbekiston-Qirg‘iziston), kamondan otish (1/8 final), voleybol (sarlash O‘zbekiston-Ozarbayjon), boks (yarim final), trampolin (final), badminton (1/8 final), qilichbozlik (saralash), karate (saralash), erkin kurash(aylanma tizim), ayollar kurashi (aylanma tizim) yo‘nalishlarida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazadi.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari Sh. Mahmudov yettinchi kun yakunlari va sakkizinchi kun musobaqalari ostonasida zoom platformasi orqali Baku o‘yinlarida ishtirok etayotgan sport turlari bo‘yicha federatsiyalar mutasaddilari va murabbiylar bilan musobaqalar jarayonlarini tahlil qildi.

Muhokamalar jarayonida erishilgan natijalar ko‘rib chiqildi. Oldinda turgan bahslarda sportchilarimiz tomonidan e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar birma-bir tahlil qilinib, mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, III MDH o‘yinlari 9 oktyabrga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA