O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “podpolkovnik”, “mayor” unvonini olish uchun maxsus malaka oshirish kursini va qayta tayyorlash kursini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga sertifikatlar berildi.
Ta’kidlanganidek, so‘ngi yillarda Ichki ishlar vazirligi tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ichki ishlar vazirligi xalqchil tuzilmaga aylandi.
– Institutimizning o‘quv kurslarida mashg‘ulotlar davlat va nodavlat tashkilotlari, huquq-tartibot organlari, yetakchi ta’lim muassasalari rahbar xodimlari, boy amaliy tajriba va yuqori malakaga ega ilmiy-pedagogik xodimlar hamda mutaxassislar, shuningdek, vazirlikning tegishli sohaviy xizmat xodimlari tomonidan o‘tkazilmoqda, – deydi Malaka oshirish instituti boshlig‘ining matbuot kotibi Sherali Anvarov. – O‘quv kurslarini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning kasbiy bilim va malakalarini boyitish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatlarning oldini olish va fosh etish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish faoliyatlari samaradorligini oshirishga ko‘maklashishdan iboratdir. O‘quv jarayonlarida Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy va jangovar tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA