Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Hunarmand” uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Hunarmand” uyushmasi rahbariyati, mamlakatimizdagi taniqli hunarmandlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, joriy yilning 3-5-may kunlari Buxoro shahrida II Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali o‘tkaziladi.

Festivalning asosiy maqsadi, xalq amaliy san’atining zardo‘zlik va zargarlik an’analarini rivojlantirish, ularning noyob namunalarini targ‘ib etish, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan kasbiy an’analar va hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash hamda mintaqaning turizm salohiyatini yanada oshirishdan iborat.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, festivalning «handicrafters.uz» veb-sayti takomillashtirilgan bo‘lib, unda milliy hunarmandchilik, hunarmandlar, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlar tizimli joylashtirilib borilmoqda. 2024-yil fevralidan boshlab festivalda ishtirok etishni istagan xorijiy davlatlardagi zardo‘zlik va zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, mahoratli hunarmandlar, amaliy san’at ustalari, soha olimlari hamda mutaxassislari, faxriy mehmonlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ushbu sayt orqali onlayn tarzda ariza topshirishi boshlangan.
Festival doirasida ilmiy amaliy konferensiya ham bo‘lib o‘tadi. Unda 7 ta davlatdan 40 dan ziyod nufuzli mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Festival dasturi allaqachon ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra, tadbirlar tugagunga qadar kutib olish va kuzatish zallarida LED ekranlari orqali festivalni targ‘ib etuvchi videoroliklar namoyish etib boriladi. Shahar ko‘chalarida reklama bannerlari joylashtirilgan transport vositalari harakatlanadi.
Shuningdek, festivalda 250 dan ortiq mahalliy hunarmandlar o‘z shogirdlari bilan ishtirok etishlari mo‘ljallanmoqda.
Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivaliga tayyorgarlik ishlari Buxoro viloyatida ham olib borilmoqda. Jumladan, festivalning ochilish va yopilish marosimlarini o‘tkazish uchun 1700 tomoshabinga mo‘ljallangan amfiteatr kerakli texnikalar bilan jihozlanadi. Festival g‘oliblari va xorijiy mehmonlar maxsus sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Ayni paytda festivalga tashrif buyuradigan hamda bevosita ishtirok etadigan xorijiy va mahalliy mehmonlar, hunarmandlar va ishtirokchilar joylashadigan mehmonxonalar ro‘yxati shakllantirilib, xonalar band qilinmoqda.
Ushbu xalqaro madaniy yig‘inda dunyo hunarmandchiligining ilg‘or yutuqlari, yangi texnologiyalar, orttirilgan tajribalar baham ko‘riladi. Bularning barchasi O‘zbekistonda turizm sohasining taraqqiyotiga hissa qo‘shishi shubhasiz.

Saidmurod Rahimov, O‘zA muxbiri