Toshkentdagi “Hilton” mehmonxonasida Ikkinchi Xalqaro moliya-bank forumi bo‘lib o‘tdi. Anjuman doirasida sug‘urta va qayta sug‘urtalash hamda lizing bo‘yicha xalqaro konferensiya, shuningdek, “MDH hududida birja bozorini rivojlantirish” mavzusida sho‘’ba yig‘ilishi ham tashkil etildi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki, MDH Moliya-bank kengashi, “SAIPRO GROUP”, Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bank ko‘magida tashkil etilgan forumda 20 davlatdan banklar, sug‘urta, lizing tashkilotlari, investitsiya kompaniyalari, fond birjalari, vazirlik va idoralardan 500 ga yaqin vakil ishtirok etdi.
Forum rasman “Yangi iqtisodiy voqeliklar asosida MDH hududida integratsiya” mavzusidagi yalpi majlis bilan o‘z ishini boshladi. So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar butun moliya tizimini tubdan o‘zgartirib yuborgani ta’kidlandi. Moliya sektorini rivojlantirishning hozirgi tendensiyalari va istiqboli bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi. Integratsiya, transformatsiya va moliya sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari ham ko‘tarildi.
— Integratsiyalashuv bank tizimlari o‘rtasidagi aloqani yanada kuchaytirish, sohada yangi imkoniyatlar ochish, banklarga yangi moliyaviy bozorlardan resurs jalb etish imkonini yaratadi, — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Turdialiyev. — Hozir O‘zbekistonning ikki banki Rossiyaga sotilishi jarayoni yakuniy bosqichga kirdi. Bir so‘z bilan aytganda, bank sohasida keskin ijobiy o‘zgarishlar yuz beryapti.
Tadbir doirasida mamlakatimiz va xorijiy banklar, shuningdek, boshqa moliya institutlari o‘rtasida shartnoma, memorandumlar, jami 28 ta hujjat imzolandi. Kelishuvlarning umumiy qiymati 567,2 million dollarni tashkil etdi. Endi “Agrobank” BAAning “Mashreqbank”i, “Qishloq qurilish bank” ATB Shveysariyaning “Credit Suisse” AG banki, “Uzbek Leasing International AJ Hindistonning “Blend Financial Services Ltd. korxonasi bilan hamkorlik qiladi.
Forumning an’anaviy qismida O‘zbekiston sug‘urta sohasining eng yaxshi tashkilot va mutaxassislariga beriladigan “Oltin soyabon” jamoat mukofoti g‘oliblari taqdirlandi.
Investitsiya institutlari milliy uyushmasi raisi Anvar Rasulov forum doirasida mamlakatimizning qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Moliyaviy faoliyatning turli sohalarni qamrab olgan II Xalqaro moliya-bank forumida bank, investitsiya-kredit, sug‘urta va qayta sug‘urtalash, lizing, kapital bozori, birja faoliyati singari muhim yo‘nalishlarda xorij tajribasini o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA muxbiri