Poytaxtimizda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan YUNESKO tashkiloti bilan hamkorlikda “Sifatli ta’lim – kuchli jamiyat” shiori ostida “Ikkinchi ustozlar forumi” boshlandi. Forumni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Odil Abdurahmonov anjumanni ochar ekan, mamlakatimizda ta’limga qaratilayotgan yuksak e’tibor yangilanayotgan O‘zbekistondagi islohotlarning ustuvor jihatini tashkil etishini ta’kidladi.
Forumda qayd etilganidek, keyingi yillarda yurtimizda 285 ta yangi maktab barpo etildi. O‘quv dargohlarini kapital ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, qaytadan barpo etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Sohada oliy ma’lumotli kadrlar soni sezilarli darajada ortdi. O‘qituvchilar uchun qo‘shimcha ustamalar joriy etish, moddiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar ko‘lami tobora kengaydi. Yangilangan Konstitutsiyamizda o‘qituvchilarning sha’nini himoyalashga e’tibor tobora kuchaydi. Shu bilan birga, hali sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham mavjudligi qayd etildi. Ayni paytda yangi o‘quv yilida maktab ta’limida bir qator yangilanishlar joriy etilishiga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova soha rivoji shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev e’tibori va g‘amxo‘rligi ostida ekani ta’lim rivojiga katta turtki berayotganini ta’kidladi. Joriy yilning faqatgina olti oyi davomida o‘quvchilarimiz Xalqaro olimpiadalarda umumiy hisobda oltmishdan ortiq oltin, kumush, bronza medallarini qo‘lga kiritgani ayni e’tiborning natijasidir. Shu bilan birga, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini muttasil oshirib borish, Prezident maktablaridagi ilg‘or ish tajribalarni joylarda keng yoyish, o‘quvchilarning kasbiy malakalarni egallashiga ko‘maklashish, joylarda malaka oshirish markazlarini tashkil etish kabi masalalar shular jumlasidandir.
YUNESKO tashkilotining O‘zbekistondagi vakili Sara Noshadi O‘zbekistonning o‘qituvchilik kasbi nufuzini yuksaltirish borasidagi ezgu tashabbuslari va sa’y-harakatlarini YUNESKO qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi. Tantanali forumda ta’lim sohasida ibrat bo‘layotgan ustozlar – O‘zbekiston Qahramoni degan yuksak unvonga munosib o‘qituvchilar, O‘zbekiston xalq o‘qituvchilari, mahoratli pedagoglar forum tashkilotchilari tomonidan taqdirlandi.
– Bugun Prezident maktablaridagi ijobiy ish tajribalarini joylarda ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilshoda Norboyeva. – Shu bilan birga bugun dolzarb masalalar yechimiga alohida e’tibor qaratiladi. Ikki kunlik forum davomida vazirlik vakillari, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Pedagogik mahorat va Xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi, Respublika ta’lim markazining malakali mutaxassislari hamda Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarning trener-o‘qituvchilari tomonidan taqdimotlar, treninglar, mahorat darslari olib boriladi. Xususan, maktabgacha ta’lim yo‘nalishida “Jahon banki ishtirokidagi ”Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish“ loyihasi davomida muqobil modellar faoliyatini tashkil etish tajribasi”, “Maktabgacha ta’lim sifatini baholash tizimini ta’minlash va MELKO xalqaro o‘lchov vositasini joriy etish, maktabgacha ta’lim tashkilotida sog‘lom va xavfsiz ovqatlantirish kabi masalalarda trening va taqdimotlar tashkil etiladi.
Maktab ta’limi yo‘nalishida “O‘quvchilarda 21 asr ko‘nikmasini rivojlantirish”, “Loyiha ishlari orqali o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish amaliyotdan nazariyaga”, “Yangi o‘quv yili uchun ishlab chiqilgan o‘quv reja, taqvim-mavzu reja hamda tavsiyalar” , “Tajriba-sinov maktablarida yangi baholash tizimini joriy etish”, “Tajriba-sinov maktablarida tanlov fanlarini samarali joriy etish – metodik ta’minot”, “Umumta’lim maktablarini darsliklar bilan ta’minlash tizimini raqamlashtirish: muammolar, yechimlar, vazifalar” mavzusida trening va mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri