II Toshkent xalqaro amaliy san’at biennalesi boshlandi
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida “INSON. MUHIT. SAN’AT” nomi ostida II Toshkent xalqaro amaliy san’at biennalesining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida “INSON. MUHIT. SAN’AT” nomi ostida II Toshkent xalqaro amaliy san’at biennalesining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Ta’kidlash joiz, ushbu san’at bayrami O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, bir qator vazirlik va idoralar, muassasalar, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari hamkorligida tashkil etilmoqda.
Uning maqsadi milliy an’analarni asrab-avaylash, zamonaviy amaliy san’at asarlarini taqdim etish, shuningdek, unutilib borilayotgan xalq an’analarini qayta tiklash va dunyo san’atida yuz berayotgan jarayonlarni amalda namoyish etishdan iborat. Bu, o‘z navbatida, turli xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni xalqaro miqyosda kuchaytirishga ham xizmat qiladi.
Biennaleda yurtimizning 100 dan ortiq amaliy san’at ustasi o‘z asarlarini keng namoyish etadi. Shuningdek, Italiya, Angliya, Koreya, Yaponiya, Bangladesh, Eron, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Ukraina, Tojikistondan tashrif buyurgan 30 ga yaqin ijodkor ham tadbirning asosiy ishtirokchilari sanaladi.
Biennalening birinchi kunida Markaziy ko‘rgazmalar zalida “Ipak jilolari” ipak gilamlar ko‘rgazmasi, “Sehrli charx navolari” o‘zbek milliy kulolchilik ko‘rgazmasi, O‘zbekiston hamda Janubiy Koreya madaniyat va san’at yo‘nalishidagi malaka almashinuv loyihasi – Kvan’yan shahri an’anaviy o‘q-yoy laboratoriyasi ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
Kamoliddin Behzod nomidagii Sharq miniatyura san’ati muzeyida esa “Qadimgi qog‘oz turlari, xattotlik namunalari va miniatyura asarlari” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
Markaziy ko‘rgazmalar zalida tashkil etiladigan “Sharq afsonalari” va “A’lo baxmal” milliy liboslar namoyishi ham biennalening ilk kunidagi yorqin tadbirlardan bo‘lishi kutilmoqda.