II Ozarbayjon – O‘zbekiston media forumi ikki davlat jurnalistlari uchun nafaqat tajriba almashish maydoni, balki media sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyati bo‘ldi.
Forum Baku shahrida “Raqamli transformatsiya va media” mavzusida tashkil etildi va unda Ozarbayjon hamda O‘zbekistondan jurnalistlar, media ekspertlar va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi mutaxassislar ishtirok etdi.
Forumning asosiy maqsadi – ikki davlat jurnalistlari o‘rtasida tajriba almashish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va mediasektorda innovatsion yondashuvlarni muhokama qilishdan iborat. Ishtirokchilar zamonaviy media trendlari, axborot xavfsizligi, sun’iy intellekt va etik jurnalistika standartlari masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
[gallery-25587]
Ozarbayjon Respublikasi Mediani rivojlantirish agentligi ijroiya direktori Ahmad Ismoilov ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy rishtalarning Prezidentlar Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi orqali yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiya departamenti sektor mudiri Dilshod Saidjonov esa dezinformatsiyaga qarshi birgalikda kurashish va axborot xavfsizligini mustahkamlash ahamiyatini qayd etdi.
Forum doirasida ikki asosiy panel sessiya bo‘lib o‘tdi:
Birinchi panelda “Raqamli davrda media hamkorligi: axborot xavfsizligi yo‘nalishida qo‘shma tashabbuslar” – unda davlat organlari va media tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik, sun’iy intellekt va dezinformatsiyaga qarshi mexanizmlar muhokama qilindi.
Ikkinchi panelda “Raqamli axborot muhitida etik mas’uliyat” – bu sessiyada jurnalistlar etik normalar, manipulyativ kontentga qarshi professional standartlar va auditoriyaning savodxonligini oshirish masalalariga e’tibor qaratdilar.
Forum ishtirokchilari axborot xavfsizligi, raqamli mediada etik me’yorlarni rivojlantirish va qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirdilar. Jurnalistlar nafaqat xabar berish, balki auditoriyaning savodxonligini oshirish va ijtimoiy mas’uliyatni ta’minlash vazifasini ham bajarishi kerakligini qayd etdi.
- Ozarbayjon va O‘zbekiston jurnalistlari forum orqali zamonaviy media trendlari, sun’iy intellekt va raqamli transformatsiyaning jurnalistik amaliyotda qo‘llanilishini muhokama qildi, - deydi Jurnalistlar uyushmasi raisi Xolmurod Salimov. - Shuningdek, axborot xavfsizligi va medianing professional standartlarini saqlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Forum doirasida media va raqamli texnologiyalarning rivojlanishi, jurnalistik etika va samarali kontent yaratish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar axborot va raqamli kommunikatsiya sohasidagi muammolar va imkoniyatlarni ham muhokama qildi. Bu jarayon nafaqat tajriba almashish, balki kelgusidagi qo‘shma hamkorlik uchun mustahkam zamin bo‘ldi. Jurnalistik faoliyat va media menejment sohalarida ozarbayjonlik hamkasblarimizning ish uslubi bilan yaqindan tanishdik.
- Bu forum ikki davlat media hamkorligini mustahkamlash va raqamli transformatsiyadagi yangi imkoniyatlarni muhokama qilish uchun juda muhim, - deydi Ozarbayjon Audiovizual kengashi raisi Ismat Sattarov. - Jurnalistlarning professionalizmi va etik mas’uliyatini oshirish yo‘lida hamkorlikni kengaytirishga tayyormiz. O‘zbekiston va Ozarbayjon jurnalistlari hamkorlikda dezinformatsiyaga qarshi samarali mexanizmlar ishlab chiqmoqda. Media hamkorlik nafaqat siyosiy va iqtisodiy sohalarda, balki axborot va jurnalistika sohasida ham mustahkam aloqalarni ta’minlaydi. Ikki davlat hamkorligi axborot xavfsizligini ta’minlash, ishonchli va faktlarga asoslangan kontentni tarqatish hamda raqamli transformatsiya jarayonida innovatsion media texnologiyalarni sinash uchun zamin yaratadi.
- Jurnalistlar nafaqat xabar berish, balki auditoriyaning savodxonligini oshirish, dezinformatsiyaga qarshi turish va ijtimoiy mas’uliyatni ta’minlash vazifasini ham bajarishi kerak, - deydi O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti prorektori, doktor Nozima Muratova. - Forum shularni muhokama qilish uchun ajoyib platforma bo‘ldi. Ozarbayjon va O‘zbekiston media sohasidagi hamkorligi nafaqat jurnalistik standartlarni yuksaltirish, balki xalqlar o‘rtasida ishonch va madaniy aloqani mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu hamkorlik raqamli transformatsiya davrida dezinformatsiyaga qarshi kurashish va zamonaviy media tizimini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Safarimiz davomida Boku shahrining tarixiy va zamonaviy maskanlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldik.
Haydar Aliyev markazi – zamonaviy me’morchilik mo‘jizasi
Safarimiz Bokuning zamonaviy timsoliga aylangan Haydar Aliyev markazidan boshlandi. Markazda Haydar Aliyev hayoti va faoliyatiga oid shaxsiy buyumlar, fotosuratlar, qo‘lyozmalar va rasmiy hujjatlar namoyish etiladi. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar – sensorli ekranlar, 3D-modellar va virtual turlar orqali tashrif buyuruvchilar interaktiv tajribaga ega bo‘ladi. Bu esa markazni nafaqat muzey, balki ta’lim va ilmiy tadqiqotlar uchun ham muhim maskanga aylantiradi.
Haydar Aliyev markazi shu bilan birga madaniy tadbirlar, konferensiyalar va seminarlar uchun ham mo‘ljallangan. Uning boy eksponatlari va zamonaviy me’morchiligi orqali mehmonlar tarix, san’at va texnologiyani uyg‘unlashtirilgan holda his qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Markaz nafaqat Ozarbayjonning madaniy merosini namoyon qiladi, balki dunyoga zamonaviy me’morchilik va san’atni namoyon qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Baku shahridagi Milliy san’at muzeyi – asrlardan so‘zlovchi ijod
Baku shahrida joylashgan Ozarbayjon Milliy san’at muzeyi mamlakatning eng yirik madaniy muassasalaridan biri hisoblanar ekan. U yerda 15 000 dan ortiq san’at asarlarini o‘zida jamlagan. Muzeyning kolleksiyasi 6 ta asosiy bo‘limdan iborat: “Rasm”, “Grafika”, “Haykaltaroshlik”, “Tikuvchilik”, “Metall” va “Arxeologik keramika va porsellen”. Bu bo‘limlarda Ozarbayjon san’atining turli davrlariga oid asarlar, shuningdek, G‘arbiy Yevropa, Rossiya, Islom va Uzoq Sharq san’atidan namuna mavjud. Xususan, muzeyda 15–16 asrlarga oid Ozarbayjon miniaturasi, 16–20 asrlar orasidagi Yevropa rassomlarining asarlari, zamonaviy rassomlarning ishlari hamda rus avangard san’ati namunasi mavjud.
Ozarbayjon Davlat axborot agentligi (AZERTAC) – axborot maktabi
Ozarbayjon Davlat axborot agentligi, AZERTAC (Azerbaijan State News Agency), faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ushbu agentlik mamlakatning eng nufuzli va strategik ahamiyatga ega axborot muassasasi hisoblanadi. U 1920 yilda tashkil etilgan va shu kunga qadar Ozarbayjonning ichki va xorijiy ommaviy axborot muhitida eng muhim axborot manbai sifatida faoliyat olib bormoqda.
AZERTACning asosiy vazifasi – davlat siyosatini, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy yangiliklarni keng jamoatchilikka tez va aniq yetkazishdan iborat. Agentlik bir necha tillarda axborot tarqatadi, shu jumladan ozarbayjon, rus va ingliz tillarida. Bu orqali AZERTAC xalqaro hamkorlar va ommaviy axborot vositalari uchun ham ishonchli axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, agentlik jahon axborot maydonida o‘z nufuzini oshirish maqsadida xalqaro tashkilotlar va agentliklar bilan hamkorlik qiladi. Jumladan, O‘zbekiston Milliy ahborot agentligi bilan ham yaqin hamkorlik qiladi. AZERTAC o‘z veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi orqali keng auditoriyaga ega va jamoatchilikka dolzarb va tezkor axborot yetkazish imkonini beradi. AZERTAC o‘zining yuqori standartlari va ishonchli axborot taqdim etish orqali davlat va jamoatchilik o‘rtasida muhim ko‘prik vazifasini bajaradi hamda Ozarbayjonning media maydonida yetakchi agentlik sifatida ahamiyatli o‘rin egallaydi.
ADA universiteti va Boku davlat universitetida yoshlar bilan uchrashuv men uchun eng iliq taassurotlarni qoldirdi.
Ozarbayjon Diplomatiya Akademiyasi (ADA) universitetiga tashrifi davomida universitetning ta’lim va ilmiy tadqiqot jarayonlari bilan yaqindan tanishdik. Zamonaviy laboratoriyalar, ilmiy markazlar va talabalarning ijodiy faoliyatini kuzatdik. Shuningdek, universitetdagi bakalavr, magistr va doktorlik dasturlari, xalqaro hamkorlik aloqalari va qo‘shma loyihalar haqida ma’lumotga ega bo‘ldik. Bu tashrif ikki davlat o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va talabalar uchun qo‘shma dasturlar tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilishga qaratildi.
Bu uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, hamda talabalar uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Boku davlat universiteti – ilm va tajriba maskani
Safar davomidagi yana bir muhim manzil – Boku davlat universiteti. Bu yerda professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ilmiy muhokamalarda raqamli media, axborot xavfsizligi va ta’lim hamkorligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Boku shahrida joylashgan Boku davlat universiteti (BDU) Ozarbayjonning eng nufuzli oliy ta’lim maskanlaridan biri bo‘lib, o‘zining boy tarixiy an’analari, zamonaviy ilmiy laboratoriyalari va tajriba markazlari bilan ajralib turadi. Universitetda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-tadqiqot ishlari, eksperimental loyihalar va innovatsion dasturlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.
Tashrif davomida universitetning asosiy ilmiy markazlari, laboratoriyalar va ko‘rgazma maydonlari bilan yaqindan tanishdik. Shuningdek uchrashuvda ikki davlat universitetlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Universitetda mavjud zamonaviy laboratoriya va ilmiy eksponatlar bilan tanishib, talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish jarayonini kuzatdik.
Uchrashuvlar davomida zamonaviy ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha tajriba almashish, qo‘shma ilmiy loyihalarni ishlab chiqish va ikki mamlakat talabalarini birlashtiruvchi o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Boku davlat universiteti bilan O‘zbekiston universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik ilm-fan va ta’lim sohasida yangi imkoniyatlar yaratadi, zamonaviy bilim va texnologiyalarni keng jamoatchilikka taqdim etish, yoshlarni amaliy tajriba ortirishga jalb qilish imkonini beradi. Shu tariqa, ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy aloqalar yanada mustahkamlanadi, innovatsion rivojlanishga hissa qo‘shadi.
Boku — Sharq va G‘arb uyg‘unligi
Ozarbayjon poytaxti Boku shahri zamonaviylik va tarix uyg‘unlashgan ajoyib shahardir. Shaharning markazida ko‘klamga intilgan zamonaviy osmono‘par binolar qad rostlasa, uning yuragida — Icheri Shahar deb ataluvchi qadimiy maskan joylashgan. Tarixiy maqbaralar, me’moriy yodgorliklar va tosh bilan qoplangan ko‘hna ko‘chalar insonni asrlar domiga chorlaydi.
Bir kun qadimiy Ichari shahar ko‘chalarida yurdim. Tosh ko‘chalar orasida o‘tgan asrlar nafas olib turganday edi. Shirvonshohlar saroyi balanddan shaharga qarab turibdi — go‘yo bir zamonlar podshohlik va shuhratdan so‘zlarday.
Qiz manorasi esa Bokuning yuragi. Uning baland tosh devorlariga qo‘l tekkizar ekansangiz, tarixning o‘zini his etasiz. Bu manzarada o‘tmish va hozir uyg‘un yashaydi.
Bir yosh ozarbayjonlik qiz bilan suhbatlashdim. U qo‘lda milliy naqsh tushirilgan sumka sotardi. “Bularni onam to‘qiydi”, dedi u. Qisqa so‘zlari bilan ham qardosh xalqning mehnatsevarligi va samimiyati ko‘rinardi.
Baku shahrida joylashgan Ichari shahar – Ozarbayjonning eng qadimiy va tarixiy maskanlaridan biri bo‘lib, uning ko‘chalari, ko‘priklari va yopiq uylari asrlar davomida turli madaniyat va sivilizatsiyalarning guvohi bo‘lgan. Bu shahar o‘zining uzun tarixiy merosi va arxitektura namunalari bilan nafaqat mamlakat aholisi, balki butun dunyo sayyohlari uchun qiziqarli maskan sanaladi.
Sayyohlar uchun eng diqqatga sazovor joylardan biri – Devichi qullasi va Shirvanshohlar saroyi. Bu joylar Ichari shaharning madaniy merosini namoyon qiladi va zamonaviy qo‘llanmalar orqali turistlarga arxitektura va tarixiy tahlillar qilish imkonini beradi.
Ichari shahar tarixiy ko‘chalar, kalitli darvozalar va toshli yo‘llar bilan ajralib turadi, bu esa unga o‘zgacha joziba bag‘ishlaydi. Shuningdek, shaharning ko‘plab xonadonlari va maydonlari mahalliy hunarmandchilik va an’anaviy san’atning misoli sifatida xizmat qiladi.
Ichari shahar – toshlardagi tarix, u orqali sayyohlar asrlar davomida inson hayoti, madaniyati va san’atini o‘rganishi mumkin. Bu joy nafaqat tarixiy muhit, balki hozirgi kunda ham turizm va madaniy tadbirlar uchun muhim maskan hisoblanadi.
Gobustan va tabiatning ovozi
Gobustan qo‘riqxonasida qoya toshlariga o‘yilgan rasmlar oldida sukut saqladim. Odamlar, hayvonlar, ov manzaralari — ular asrlar osha bizga yetgan tirik tarix. Bu rasmlar go‘yo neolit davri odamlarining so‘zsiz xatlari edi.
Keyin loy vulqonlarini ko‘rdik. Yer yuzidan chiqib turgan qaynoq loy qatlamlari odamni hayratga soladi. Bu yerda turib, tabiatning qanday qudratli kuchga egaligini yana bir bor his etasiz.
Oxirgi kunimizda Sumg‘ayit industrial parkida zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini ko‘rdik. Bokuning industrial qiyofasi, innovatsiya markazlari mamlakat taraqqiyotining yangi yo‘nalishini ko‘rsatardi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu safar nafaqat jurnalistik hamkorlik va tajriba almashish imkoniyatini, balki ikki qardosh xalqning yuraklarini yanada yaqinlashtirdi.
Ozarbayjon va O‘zbekistonning tarixiy merosi, zamonaviy taraqqiyoti va tabiiy go‘zalliklari uyg‘unlashgan ushbu safar biz uchun unutilmas xotira bo‘lib qoldi.
Shubhasiz, II Ozarbayjon – O‘zbekiston media forumi ikki mamlakat jurnalistlari uchun yangi yo‘llarni ochdi, hamkorlik ko‘priklarini yanada mustahkamladi.
Kaspiy dengizi — Ozarbayjonning gavhari
Safar davomida qalbimizda chuqur iz qoldirgan manzara — Kaspiy dengizi bo‘yidagi sayohat bo‘ldi. Kaspiy — dunyodagi eng katta ko‘l va Ozarbayjonning iqtisodiy hamda madaniy markazi hisoblanadi. Dengiz sohillari zamonaviy bog‘lar, dam olish maskanlari va sayrgohlar bilan bezatilgan. Kechqurun yoqilgan shahar chiroqlari dengiz to‘lqinlarida aks etib, o‘ziga xos romantik muhit hosil qiladi.
Bu safar nafaqat qardosh xalqning mehmondo‘stligi va samimiyatini yana bir bor his qilish, balki tarixiy meros, zamonaviy taraqqiyot va tabiat go‘zalliklarini birlashtirgan Ozarbayjon haqida chuqurroq tasavvur hosil qilishga xizmat qildi. Shubhasiz, bu kabi forumlar jurnalistlar uchun tajriba almashish, yangi do‘stliklar o‘rnatish va ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy ko‘priklarni yanada mustahkamlash imkonini yaratadi.
Bir so‘z bilan aytganda II Ozarbayjon – O‘zbekiston media forumi jurnalistik hamkorlik, tajriba almashish va raqamli transformatsiyadagi imkoniyatlarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘ldi. Forum nafaqat media standartlarni yuksaltirish, axborot xavfsizligini ta’minlash va dezinformatsiyaga qarshi mexanizmlar yaratishga xizmat qiladi, balki ikki qardosh xalq o‘rtasida madaniy va ma’naviy ko‘priklarni mustahkamlaydi.
Jurnalistlar uchun bu safar zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va media sohasidagi strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyati bo‘ldi. Boku shahri esa zamonaviylik va tarix uyg‘unligini namoyon qilgan jozibali markaz sifatida safar xotiralarimizni boyitdi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA muxbiri