Ma’lumki, shu kunlarda Qozog‘istonning Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari OAV xodimlari ishtirokida “Global o‘zgarishlar davrida Markaziy Osiyo: Media strategik rivojlanish vositasi sifatida” mavzusida II Markaziy Osiyo media forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu yig‘inda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, shuningdek, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Xitoy, Qatar, Rossiya va boshqa mamlakatlardan kelgan jurnalistlar, media kompaniyalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, nufuzli ekspertlarni o‘z ichiga olgan 700 dan ortiq delegatlar ishtirok etmoqda.

Forumning maqsadi Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalari va xalqaro sheriklar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, raqamli transformatsiyaning mintaqaviy axborot makoniga ta’sirini, shuningdek, iqlim o‘zgarishi va geosiyosiy beqarorlik kabi global muammolarni muhokama qilishdan iborat.

Tadbirning ochilish qismida O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Qozog‘iston Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva, Ozarbayjon Mediani rivojlantirish agentligining ijrochi direktori Axmed Ismaylov, Qirg‘iz Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Marat Tagayev, Tojikiston hukumati huzuridagi Televideniye va radioeshittirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alizoda Suxrob hamda Markaziy Osiyo davlatlari media ekspertlari, jamoatchilik faollari qatnashdi.

Media forumning birinchi ish kuni Markaziy Osiyo davlatlari axborot sohasi yetakchilarining ishchi uchrashuvi bilan boshlandi. Uchrashuvda har bir mamlakatda axborot siyosatini takomillashtirish hamda hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi.
Anjumanda mezbon vakili, Qozog‘iston Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva forumning axborot hamkorligiga umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun noyob platforma sifatida ahamiyatini ta’kidlar ekan, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining tashabbusi bilan qo‘shma media loyihalarni yaratish va gorizontal gumanitar aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha ishlar faollashganini e’tirof etdi.

– Bu boradagi ishlar doirasida Qozog‘iston va O‘zbekiston hamkorligida ishlab chiqarilgan “Qorqit ota” tarixiy teleseriali, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “Zakovat” intellektual o‘yini, Qirg‘iziston bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Qos qanat” teleko‘prik loyihalarini alohida ta’kidlash joiz, -dedi u o‘z nutqida. – Mintaqada madaniy-gumanitar aloqalar ham tizimli mustahkamlanib bormoqda. Har yili Qozog‘istonda Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston madaniyat kunlari katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilmoqda. Ishonchim komilki, mamlakatlarimizning yanada yuksalishi va rivojlanishi uchun katta imkoniyatlar mavjud, xalqlarimiz bir-biri haqida ko‘proq ijobiy ma’lumotlarni bilib boradi.
Forum doirasida Markaziy Osiyoda axborot hamkorligini yanada mustahkamlash va media hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhokama qilindi va rejalashtirildi. Ular orasida Markaziy Osiyo jurnalistika akademiyasini tashkil etish, ijodiy industriyalarni rivojlantirish, jurnalistika sohasida mintaqaviy mukofotni ta’sis etish, yangi teleloyihalarni ishga tushirish va xalqaro media maydonchalarida mintaqa mamlakatlari kontentining mavjudligini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, yig‘inda O‘zbekiston AOKA direktori Asadjon Xodjayev qirg‘iz, tojik va turkman mamlakatlari bilan “Yo‘l xaritasi” hamda “Muloqot rejalari”ni ishlab chiqish, mintaqada institutsional va huquqiy-normativ bazani mustahkamlash, axborot vazirlarining doimiy uchrashuvlari mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, davlatlararo muntazam tele va radio reportajlar, shuningdek, mahalliy kanallarni uzatishni, matbuot kotiblarining o‘zaro tajriba almashishi va malaka oshirishini tashkil etish tashabbuslarini ilgari surdi.
– Zamonaviy dunyoda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik fikri va ongini shakllantirishdagi ta’sirining misli ko‘rilmagan darajada oshishiga olib keldi, -dedi u. – Bu ayniqsa, aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadigan Markaziy Osiyo mamlakatlariga taalluqlidir. Agar biz yoshlar bilan tizimli ish olib bormasak, ularga o‘z maqsadimiz va xolis ma’lumotlarimizni yetkazmasak, buni biz uchun boshqalar qiladi.
Mazkur forumda media olamining global muammolari, ustuvor masalalari, hal etilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Shuningdek, kelajakning axborot landshaftini shakllantirish, sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar davrida ommaviy axborot vositalarining raqamli o‘zgarishi, ijtimoiy tarmoqlar mamlakat imijini targ‘ib qilish vositasi sifatida va boshqa dolzarb mavzular ko‘rib chiqilmoqda.
O‘tkir Alimov, O‘zA