Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
II-Iqtisodiy forum – hududlarga investor jalb qilish uchun samarali maydon
17:42 / 2022-08-17

Poytaxtimizda O‘zbekistonning SHHTga raisligi doirasida II-Iqtisodiy forum bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbir bevosita va onlayn tarzda a’zo davlatlarning iqtisodiyot va savdoni rivojlantirish, investitsiya jalb qilish uchun mas’ul vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, yirik davlat korporatsiyalari, savdo-sanoat palatalari rahbarlarini, ekspertlar va delegatsiyalarning boshqa a’zolarini jamlagan.

Iqtisodiyot va savdo vazirliklari rahbarlari hamda Tashkilot kotibiyati vakillari ishtirokida kechgan yalpi majlisda mamlakatimiz investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov SHHT mintaqasi iqtisodiy salohiyatini birgalikda rivojlantirish, o‘zaro investitsiyani rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi ishlab chiqish zarurligiga e’tibor qaratdi. Shu bilan birga savdo aylanmasi hajmi barqaror o‘sishini ta’minlash, transport bog‘liqligini mustahkamlash, ta’minot zanjiri uzluksizligini ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligi va agrosanoat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish kabi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida uyg‘un faoliyat olib borish muhimligini ta’kidladi.

Tadbir ishtirokchilari SHHT mamlakatlari o‘rtasida mahsulot ayirboshlash ko‘rsatkichi o‘sishining barqaror, ijobiy sur’atini qayd etdi. Masalan, 2021 yil a’zo mamlakatlar tashqi savdo hajmi 8 trillion dollardan oshib, uchdan bir hissa o‘sdi, SHHT hududidagi ichki savdo 40 foiz oshib, 768 milliard dollarga yetdi.

Munozara davomida "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘li, Transafg‘on yo‘lagi kabi mintaqaviy ahamiyatga molik loyihalarni tezlashtirish kerakligi ham ta’kidlandi. Umuman, forum dasturiga ko‘ra, SHHT Sanoat innovatsiyalari yarmarkasi va turli mamlakatlar delegatsiyalari ishtirokchilari o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar tashkil qilindi. Bundan tashqari ustuvor investitsiya loyihalari, xalqaro hamkorlikning o‘ziga xos jihatlari, savdo-iqtisodiy aloqani tiklash choralari, raqamlashtirish davrida sheriklik ko‘lamini kengaytirish, shuningdek SHHT makonida yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

SHHT Iqtisodiy forumi hamda uchun samarali platformaga aylanadi.

Ma’lumki, Shanxay hamkorlik tashkiloti raisligi doirasida har yili o‘tkaziladigan Iqdisodiy forum ilk bor 2021 yil iyunda Tojikistonning Dushanbe shahrida tashkil etilgan. bugungi kunga kelib, mazkur anjuman nafaqat SHHT hududida hukumatlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, balki ishbilarmon doiralar, korxonalar vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, SHHT makoni hududlariga yanada ko‘proq investorlarni jalb qilishga xizmat qiluvchi samarali muloqot maydoniga aylandi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA muxbiri