Bugun, 20 oktyabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida imkoniyati cheklangan shaxmatchilar o‘rtasida II Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘yinlari boshlanadi.
35 ta davlatning milliy terma jamoalari ishtirok etayotgan mazkur olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari - Selbi Kakishova, Ilhom Ergashov, Sirojiddin Zayniddinov, Ahadxon Kimsanboyev va Marsel Shoyusupov kabi iqtidorli shaxmatchilar mamlakatimiz sharafini himoya qilishga hozirlanmoqda.

Kecha II Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan mandat komissiyasining yig‘ilishi hamda 1-tur o‘yinlariga qur’a tashlash marosimi tashkil etildi.
Tashlangan qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning matonatli va irodali shaxmatchilari bugun o‘tadigan 1-tur bahsida Birlashgan Arab Amirliklari jamoasi bilan kuch sinashadi.
6 ta turdan iborat bo‘lgan olimpiada o‘yinlari 25 oktyabrga qadar davom etadi.
Musobaqa nizomiga binoan g‘alaba uchun 2 ochko, durang uchun esa 1 ochko beriladi.
G‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda maxsus sovrinlar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, 11 ta nominatsiya bo‘yicha faxriy mukofotlar sohiblari aniqlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA