Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IHT Kotibiyati huzurida Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasi tashkil etiladi
21:45 / 2023-11-09

Ayni kunlarda dunyo hamjamiyati va xalqaro ekspertlar nigohi “Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida Toshkentda o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16 sammiti va mintaqa davlatlari iqtisodiy barqarorligiga xizmat qiluvchi kelishuv va natijalarda bo‘lib turibdi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ko‘plab nufuzli, istiqbolli tuzilmalar, jumladan, SHHT, TDT, IHT, MDH davlat rahbarlari yig‘ilishlariga hamda BMT doirasidagi tashkilotlar sammitlariga mezbonlik qiladigan qulay hududga aylanganligi xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16 sammitida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov va IHT bosh kotibi Husrav Noziriy ishtirok etdi.

Ayni kunda tashkilotga a’zo mamlakatlar hududida yarim milliard aholi istiqomat qilib kelishiga qaramasdan, o‘tgan yili mamlakatlar o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etgan. Bu ularning umumiy tashqi savdosining atigi 8 foizini tashkil qiladi. Shu bois, Toshkent sammitida ishtirokchilar tomonidan IHT doirasida ko‘p qirrali hamkorlik istiqbollari va uni yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan  IHT doirasidagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlash maqsadida “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035» konseptual hujjatini ishlab chiqish taklif etildi. Ushbu hujjat doirasida o‘zaro savdoni rag‘batlantirish, transport-kommunikatsiyaviy bog‘liqlikni kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasini faollashtirish, energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, turizm va madaniy-gumanitar almashinuv sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish kabi asosiy yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Albatta, bugun tashkilotga a’zo mamlakatlarning geografik joylashuvi hamda keng resurs va imkoniyatlarga ega ekanligi hisobga olinsa, yana ko‘plab iqtisodiy natijalarga erishish mumkin. 

Xususan, trans-qit’aviy transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanish, jumladan, “Xitoy – Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li va Transafg‘on multimodal yo‘li loyihalarini ishga tushirish, Toshkentda 2 noyabrda bo‘lib o‘tgan transport vazirlarining yig‘ilishida “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatga boshqa a’zolarning ham qo‘shilishi o‘zining ijobiy natijasini beradi.

Shuningdek, prezidentimiz IHT Kotibiyati huzurida a’zo mamlakatlarning turizm ma’muriyatlari va yetakchi ekspertlardan iborat Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasini tashkil etish hamda uning ilk uchrashuvini tashkilotning Turizm poytaxti deb e’lon qilingan Shahrisabz shahrida o‘tkazish taklifini bildirdi.

IHT mamlakatlari xalqlarini yanada yaqinlashtirishda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishning ahamiyatini qayd etib, O‘zbekiston Prezidenti har yili madaniyat, san’at va kino haftaliklarini o‘tkazib borish, yoshlarning ijodiy festivallari va innovatsion hamkorlik platformasini yo‘lga qo‘yish, fundamental ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.

Umuman, olganda bugun dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar jarayonida hech bir davlat yakka holatda o‘z taraqqiyotini ta’minlashi mumkin emasligi aniq bo‘lgan bir davrda, IHT kabi tuzilmalar doirasida hamkorlik aloqalarining rivojlantirilishi kelgusida o‘zining ijobiy natijasini berishi shubhasizdir.

Mavluda Adhamjonova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati