Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“IHT istiqboli-2025” dasturi qanday maqsadlarni ko‘zlagan?
12:28 / 2023-11-09

Poytaxtimiz yana bir yirik xalqaro anjuman – Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining 16-sammitiga mezbonlik qilmoqda.

Tadbirda tuzilma faoliyatiga doir muhim masalalar muhokama qilinadi. Iqtisodiy rivojlanish maqsadlari sari dadil qadam tashlayotgan yetakchilar ikki va koʻp tomonlama sheriklik, investitsiya yoʻnaltirish, yirik kompaniyalar vakillarining birgalikda faoliyatini tashkil etish kabi muhim mavzularga murojaat qilmoqda.

Bu galgi sammit uchun Toshkent tanlangan. Soʻnggi yillarda mamlakatimiz ketma-ket nufuzli, istiqbolli tuzilmalar, jumladan, SHHT, TDT, IHT, MDH davlat rahbarlari yigʻilishlariga mezbonlik qiladigan qulay hududga aylangani xalqaro maydonda ham eʼtirof etilyapti.

Eng muhim, hech bir tadbir shunchaki oʻtayotgani yoʻq: Prezidentlar tomonidan bildiriladigan takliflar, qabul qilinayotgan hujjatlar, tuzilayotgan aniq rejalar borgan sari mamlakatlararo, mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash, doʻstona munosabatda yangi davrga qadam qoʻyishga zamin yaratmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi muhim harakatlar rejasi – oʻn yillik “IHT istiqboli-2025” dasturining maqsad-vazifasi, kelayotgan ikki yil davomida amalga oshiriladigan ishlarga oid qiziqarli maʼlumotlarga nazar tashlaylik.

2017-yil Islomobod shahrida boʻlib oʻtgan 13-sammitda qabul qilingan mazkur dastur doirasida savdo siyosati, sanoat, energetika, transport-kommunikatsiya singari yoʻnalishlarda hamkorlik darajasi belgilab olingan.

Qisqasi, hujjat tuzilmaning yaqin oʻn yilda savdo, transport va kommunikatsiya, energetika, turizm, qishloq xoʻjaligi, sanoat, ijtimoy farovonlik va atrof-muhit kabi muhim sohalardagi faoliyatini belgilovchi harakatlar strategiyasi va kun tartibi hisoblanadi.

Savdo-iqtisodiy rivojlanishni harakatlantiruvi kuch va IHT mamlakatlarini ijtimoiy-iqtisodiy integratsiyasi vositasi sifatida 6 yil muqaddam erishilgan hujjatda mintaqalararo savdoni ikki barobar oshirish, mintaqaning dunyo miqdoridagi ulushini koʻpaytirish nazarda tutilgan.

Bu savdo siyosatini liberallashtirish va uygʻunlashtirish, biznes xarajatini kamaytirish, moliya infratuzilmasi va institutsional salohiyatni rivojlantirish, savdo tartib-taomilini soddalashtirishni taqozo etadi.

Transport va kommunikatsiya yoʻnalishi ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada mintaqaviy tranzit transport infratuzilmasi yaxshilanishi, birgalikda bojxona xizmatini tashkil etish va mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish boʻyicha samarali mexanizm ishlab chiqilishi koʻrsatilgan.

Osiyoning markazidan janubi-gʻarbigacha boʻlgan ulkan hududni egallagan IHT maydoni tabiiy resurs va tarixiy-madaniy merosga boy  mintaqa. Qadimda hududdan Buyuk ipak yoʻli oʻtgan. Bu omillar mintaqaning eng jozibali sayyohlik manziliga aylantirishi shubhasiz.

Mavjud salohiyatdan foydalanish uchun standartlash va 
 akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha mintaqaviy idoralar hamda barqaror “yashil” turizmni rivojlantirish mexanizmi tashkil etiladi, takomillashtiriladi.

Oziq-ovqat xavfsizligi mintaqada ijtimoiy barqarorlikni taʼminlovchi muhim omildir. IHT mamlakatlarining agro-sanoat majmuasi mintaqadagi umumiy yalpi ichki mahsulotining 14,5 foizini tashkil etadi sohaga faol aholining 40 foizi jalb etilgan. Agro-sanoat kompleksini rivojlantirish maqsadida Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha mintaqaviy dastur ishlab chiqilgan. Pokistonda suvdan samarali foydalanish boʻyicha IHT mintaqaviy markazi va IHT Biotexnologiya tarmogʻini, Eronda IHT Veterinar komissiyasini taʼsis etish ishlari olib borilyapti.

2012-yil Anqarada boʻlib oʻtgan beshinchi vazirlar majlisida tashkilotning oziq-ovqat xavfsizligi masalalari boʻyicha mintaqaviy  muvofiqlashtirish markazining rasmiy ochilishi boʻlib oʻtgandi. 500 ming dollarlik mazkur loyiha FAO va Turkiya tomonidan maʼqullangan.

Energetika infratuzilmasini yaxshilash yana bir muhim yoʻnalish sanaladi. Energiya isteʼmol qilish tashkilotga aʼzo davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qarab oʻsib boryapti, energiya resurslari va xizmatni samarali, teng huquq asosida va arzon narxda taqdim etishga talab oshyapti.

Shu bois, dasturda mintaqaviy energetika barqarorligini Global BRMga muvofiq taʼminlashda umumiy saʼy-harakatni birlashtirish zarurligi belgilangan.

“IHT istiqboli-2025” dasturida Tashkilot tuzilmasi yanada samarali faoliyat yuritishi uchun doimiy vakillar Kengashi tavsiyasiga binoan institutsional islohot  amalga oshirish ham belgilangan.

Keltirilgan maʼlumotlar birgina tashabbus doirasida ishlab chiqilgan dasturning “xamir uchidan patiri”. Toshkent sammiti natijalari esa navbatdagi yanada yirik loyihalarni ilgari surishga xizmat qiluvchi yangi hujjatlarda aksini topishi shubhasiz.

Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.

OʻzA