Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IHT hududida barqaror energetikaga o‘tish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik yanada rivojlanmoqda
11:55 / 2022-04-28

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar ekspertlar guruhining qayta tiklanuvchi energiya manbalari masalalariga bag‘ishlangan 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Onlayn tarzda o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xusrav Noziri, energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev va boshqalar qayta tiklanuvchi manbalar istiqbollari va bu boradagi hamkorlik munosabatlariga alohida urg‘u berdi.

Bosh kotib Xusrav Noziri ushbu muhim tadbirga mezbonlik qilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

– Bizning hamkorligimiz qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligi bilan bog‘liq, – dedi u. – IHT energetika kun tartibini qayta ko‘rib chiqishga, a’zo davlatlarning umumiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda belgilangan maqsadlarni rivojlantirish va barqaror energiyaga o‘tish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik istiqbollarini qamrab olish imkonini beradi. IHT hududida barqaror energetikaga o‘tish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish muhim. Xususan, transchegaraviy hamkorlik va o‘zaro bog‘langan energiya tizimlari energiya xarajatlarini kamaytirishi, ishonchliligini oshirishi va uglerod chiqindilarini kamroq xarajat bilan kamaytirishi, shu bilan birga, toza energiya manbalari – gidro, shamol va quyosh energiyasi o‘rtasidagi ulush va sinergiyani oshirishi mumkin.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev o‘z nutqida har bir mamlakat eng yaxshi jahon tajribasidan kelib chiqqan holda energetikaga o‘tishning o‘ziga xos yo‘lini tanlashi, bunda “Yashil o‘sish” va dekarbonizatsiyaga erishish uchun energetikaga pragmatik o‘tish muhimligini ham hisobga olish zarurligini ta’kidladi.

– O‘zbekiston yaqin 10 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 3 barobarga oshirishni maqsad qilgan. Respublika 2030 yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarishni ikki barobarga, ya’ni 32 GVtgacha oshirishni va elektr energiyasining kamida 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olinishini rejalashtirmoqda. Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti va Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bu sohalarni rivojlantirishda respublika xalqaro hamkorlikka tayanadi, – dedi Sh.Xo‘jayev.

Shuningdek, yig‘ilishda BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti katta maslahatchisi Alfred Xatzenburg so‘zga chiqib, energiya samaradorligi, iqlimni yaxshilash va chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha taqdimot qildi.

Tadbirda IHT a’zo davlatlari vakillari qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasida tajriba almashib, ushbu yo‘nalishda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini belgilab oldi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA