Ayni payt Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 16-sammiti arafasida beshinchi biznes-forum ish boshladi.
Yuqori darajadagi yig‘ilishda a’zo davlatlar ishbilarmon doira vakillari, savdo-iqtisodiyot idoralari rahbarlari, mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston va IHT o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan ko‘plab muhim loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
Ma’lumki, savdo-iqtisodiy rivojlanish a’zo mamlakatlarning har tomonlama integratsiyasi uchun eng muhim, qulay yo‘nalish sanaladi. Shu bois mintaqalararo savdoni ikki barobar oshirish orqali ayni yo‘nalishda dunyo miqyosidagi ulushni ko‘paytirish maqsad qilingan.
Mazkur anjuman savdo siyosatini liberallashtirish va uyg‘unlashtirish, biznes yuritish uchun xarajatni kamaytirish, moliya infratuzilmasi va institutsional salohiyatni rivojlantirish, savdo tartib-tamoyilini soddalashtirishga xizmat qiladigan yirik tashabbuslar maydoniga aylanishi kutilyapti.
Tadbirni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari kirish so‘zi bilan boshlab berdi. Ayni payt O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov chiqish qilmoqda.
O‘zAni kuzatib boring, batafsil ma’lumotlar, intervyular taqdim etiladi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA