Vatanimiz tarixidagi 5 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1915 yil (bundan 110 yil oldin) – grafik rassom, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi Igor Savitskiy tavallud topdi (vafoti 1984 yil). Uning ijodi badiiy tasvir uslubining dadilligi, bo‘yoq qatlamining dag‘al yotqizilishi bilan ajralib turadi; oqish ranglar uyg‘unligi (jigarrang, qovoq hamda sabzi rang va boshqalar)ni afzal ko‘rgan rassom asarlarida janub tabiati, Qoraqalpog‘iston manzaralari o‘zining yorqin aksini topgan. Rassomning sa’y-harakatlari natijasida tashkil topgan Qoraqalpog‘iston san’at muzeyiga Savitskiyning nomi berilgan. U 2002 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
1922 yil (bundan 103 yil oldin) – taniqli davlat arbobi, harbiy sarkarda Anvar posho Sharqiy Buxoroning Baljuvon atrofidagi Obidara qishlog‘ida qizil askarlarga qarshi bo‘lgan jangda halok bo‘ldi. Anvar poshoga qarshi harbiy harakatlarda bevosita qatnashgan Ya.Melkumov (Yoqub To‘ra)ning o‘z xotiralarida yozishicha, Anvar posho va Davlatmandbiy Baljuvondan 25 km shimoli-sharqda bo‘lgan Chagan qishlog‘ida Ivan Savko boshchiligidagi qizil askarlar eskadroni bilan bo‘lgan jangda o‘ldirilgan. Validiy esa o‘z xotiralarida Anvar posho Baljuvondan 7–8 chaqirim uzoqlikdagi Cheken qishlog‘ida qizil askarlar bilan bo‘lgan jangda o‘ldirilgani haqida yozgan.
Shunday qilib, Turkiston istiqlolchilari tarafida kurashgan Yosh turklar inqilobining faol ishtirokchisi Anvar posho qizil askarlarga qarshi bo‘lgan jangda halok bo‘ldi. Buxoro amiri Said Olimxonning yozishicha, Anvar poshoning jasadi Chekan mavzesida Hazrati Sulton nomi bilan mashhur bo‘lgan ziyoratgoh joyda dafn etilgan. Bu ziyoratgoh Ko‘lob viloyatining Baljuvon va Xovaling tumanlari chegarasida tog‘ tepasidagi Chagan qishlog‘ida joylashgan.
Tarixchi Durbek Mo‘minovning qayd etishicha, 1996 yil aprel oyida Tojikiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga rasmiy tashrifi vaqtida Anvar poshoning xokini Xatlon viloyatidagi manzildan o‘z yurtiga ko‘chirish masalasi muhokama qilingan. 1996 yil 4 avgustda turkiy xalqlarning bu jasur farzandi xoki Turkiyaga ko‘chirilib, Istanbulda tantanali ravishda qayta dafn qilingan.
1924 yil (bundan 101 yil oldin) – “Turkiston” gazetasining shu kungi sonida “Kezguchi” taxallusi ostida “Samarqandda Behbudiy kutubxonasi” nomli maqola chop etildi. Kutubxonaning o‘sha vaqtdagi holati haqida muallif quyidagicha qayd etadi: “Behbudiyning tashabbusi bilan 1908 yilda birinchi martaba musulmon kutubxonasi tashkil qiling‘on edi. Bu kungi inqilob davrida har bir shahardagi kutubxonalar taraqqiy etgani holda “Behbudiy” nomig‘a ochilmish Samarqand kutubxonasi yomon bir holda yotadur.
Kutubxonaning ichida va tashqarisida inqilobiy bir ko‘rinish yo‘q. Kutubxona 659 dona musulmoncha 923 dona ruscha kitobga molik bo‘lsa ham qanday kitoblar borlig‘i bilinmaydir. Kutubxona mudiridan: “Kutubxonaning bu ahvolini mas’ul ishchilarimiz kelib ko‘rdilarmi?” deb so‘rag‘on edim, “yo‘q, uch oydan beri birgina mas’ul ishchimizning kelib ko‘rganini ko‘rmadim” dedi. Agar maorifparvar mas’ul ishchilarimiz maorif uylariga borib, ishchi-dehqon maorifining g‘amini yemasalar, ko‘chadagi baqqollar kelib, maorifimizga yordam bermaydurlar”.
1928 yil (bundan 97 yil oldin) – Toshkentda jamoatchilikka sodda “televizor” ishlab turgan holda ko‘rsatildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, O‘rta Osiyo aloqa okrugining Toshkentdagi tajriba-sinov stansiyasida I.F.Belyanskiy va B.P.Grabovskiy elektrotexnikaga oid tajribalar o‘tkazgan edi. Tajribalar natijasida ular harakatdagi tasvirni bir joydan boshqa joyga uzatadigan va qabul qiladigan «radiotelefot» apparatini yaratishdi va 1928 yili laboratoriya sharoitida sinab ko‘rishdi. I.F.Belyanskiy va B.P.Grabovskiyga shu ixtirolari uchun patent berilgan.
1950 yil (bundan 75 yil oldin) – sportchi, sambo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi Sayfuddin Hodiyev tavallud topdi. U samboning 48 va 52 kg vazn toifalarida bir necha marta O‘zbekiston chempioni, shuningdek, erkin kurash bo‘yicha sport ustasi, O‘zbekiston chempioni, dzyudo bo‘yicha sport ustasi, xalqaro musobaqa g‘olibi hisoblanadi.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – Toshkent islom universiteti qoshida ochilgan “Ziyo” studiyasining ilk “E’tiqod mustaqilligi yo‘lida” ko‘rsatuvi O‘zbekiston televideniyesining Birinchi kanali orqali namoyish etildi.
2010 yil (bundan 15 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2030 yil davrigacha Qo‘qon shahrining bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Harbiy-ma’muriy sektorlarni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA