Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iftixor azoblari
12:11 / 2021-02-10

Iftixorning nimaligi barchaga ayon: odam bolasi biror muvaffaqiyatga erishganida suyunadi, g‘ururlanadi, ozroqqina maqtangisi ham keladi, ya’ni faxrlanadi, iftixor qiladi. Muhtasham g‘alaba lahzalaridagi surur, hayrat va muzaffar tuyg‘ular silsilasi — ko‘ngil ufqida kamalakdek tovlangan latofatli ranglar iftixor deyilmish birgina so‘zda jilvalanadi.

Bugun, xudoga shukur, zarnigor tonglar birin-ketin jamol ko‘rsatayotir: qadim Turonzaminda iftixor qilsak qilgulik muazzam bog‘lar, ko‘rkam va nurafshon manzillar oy sayin, kun sayin ko‘payib, chiroy ochmoqda.

Shundog‘ ekan, unda nega iftixor sevinchlari bir chetda qolib, uning azoblarini sarlavha qilib turibmiz maqolamizga? Negaki, g‘alaba hech zamonda oydan oyog‘ini uzatib tushgan emas — iftixor azoblari hamisha uning farahli onlaridan mo‘l, zalvorli va mashaqqatli bo‘lgan.

Afsuski, biz kechagi mushkulotlarni ko‘pincha tez esimizdan chiqarib qo‘yamiz, bugungi ziroatlarning qadriga yetmaymiz, hatto noshukurlik qilamiz. Qanoat shamini o‘chiramiz.

Shu o‘rinda bundan 4-5 yil avval mamlakatimizda maktab va maktabgacha tarbiya holati qanday bo‘lganini bir eslab ko‘raylik: ko‘plab bog‘chalar sotib yuborilgan, buzilgan yoxud omborxonalarga aylantirilgan. Omon qolganlari ham g‘arib, ko‘rimsiz, bechorahol. 30 foizga ham yetmaydi bog‘chalarga boruvchi kichkintoylar soni. Endi-chi? So‘nggi 4 yilda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2 barobar ortib, aynan o‘tgan yili 60 foizga yetdi, bog‘chalar soni 3 barobar ko‘payib, 14 mingdan oshdi. Endi mazkur raqamni jaydarichasiga mulohaza qilamiz: agar o‘tgan 25 yilning har 4 yilida bog‘chalar soni 3 barobardan oshaverganida edi, bog‘cha yoshidagi erkatoylarimizning hammasi allaqachonlar ushbu ta’lim yo‘nalishi bilan to‘la-to‘kis qamrab olinardi. Yoki maktab. Bog‘chadan battar edi bu aziz dargohning ahvoli. O‘qish-o‘qitish o‘lda-jo‘lda, muallimlar bozorlarga chiqib ketgan — eslasang, esing ketadi. Endi-chi? Birgina 2021 yilning o‘zida 30 ta yangi maktab quriladi, 320 ta maktab ta’mirlanib, moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi. Yana o‘zimizcha tahlil qilamiz: 25 yil davomida yiliga 30 ta emas, ana, boringki, 20 tadan yangi maktab qurilganda, 320 ta emas, 220 tadan maktab ta’mirlanganda maorifimizning hozirgi shaklu shamoyili qanday bo‘lar edi?

Mavridi kelganda “yorilmagan yara”day kunma-kun gazak olib, hadsiz azobga aylanib ketgan yana bir muammo — ishsizlik og‘riqlari qanday davolanayotganiga to‘xtalmaslik mumkin emas. Qarang, 2020 yil 500 mingta yangi ish o‘rni yaratilibdi. Bu 500 ming fuqaro tirikchilik manbaiga ega bo‘lganini anglatadi. O‘tgan 25 yilning har yilida hech bo‘lmasa 200-300 mingtadan ish o‘rni barpo qilinganda, beish odam qolarmidi bugun yurtimizda? Ishsiz odam bo‘lmaganidan keyin iqtisodiyotimiz ham boshqacha rivojlanmasmidi. Masalan, 25 yilda, mayli, 5-6 emas 2 million ishli bo‘lgan fuqaro kuniga 1 dollardan foyda keltirganda-chi?

Men bu qiyoslashlarni kimning qo‘liga tosh, kimgadir gul tutqazish uchun keltirayotganim yo‘q. Tugmadek iftixor zamirida tog‘dek azoblar borligini eslatdim, xolos.

***

Shu nuqtada lirik hissiyotlarni to‘xtatib, jiddiy gaplarga o‘tishdan oldin bitta hayotiy hikoyani e’tiboringizga havola qilaman.

Alisher Narzullo degan shoir bor. Tojikistonlik o‘zbeklardan. Dushanbega yaqin Chinor degan qishloqda tug‘ilib, katta bo‘lgan. 30 yildan beri Toshkentda yashaydi. Bir necha she’riy kitoblar muallifi. Hozir O‘zAda — birga ishlaymiz. “U kunlarni eslasam qo‘rqinchli bir tush ko‘rgandek bo‘laman, — deydi Alisher. — Tug‘ilgan makonga borib-kelish uchun 2-3 oylab sarson bo‘lar edik. Pasport stolida 80-90 kunlab, elchixonada undanam ko‘p ruxsat kutardik. Ijozat berilguniga qadar borishing zarur bo‘lgan ma’rakayu mavrid allaqachon o‘tib ketgan bo‘lardi.

Chegaradan o‘tish-qaytish mashaqqatlarini aytmay qo‘yaqolay. Bu yoqdagilar: Qayerga? Nima uchun? U yoqdagilar: Kujo? Baroi chi?

Bir gal Dushanbedan qaytishda yo‘l-yo‘lakay o‘qib ketarman, deb “Adabiyot va san’at” gazetini oldim. Gazetaning bir sahifasi azaldan arabiy yozuvda bo‘lgan. Men shuni hisobga olmay chakki qilgan ekanman. Chegarachilar gazetani ko‘riboq tergovni boshlab yubordi: Nega olib o‘tyapsan? Kim topshiriq bergan? Qaysi diniy oqimga mansubsan?

Oxiri pasportimdan nusxa va gazetani olib qolishdi. Chegaradan Denovga, undan Toshkentga keldim. Kechqurun odatdagidek eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi: “Pasportniy rejim, hujjatlarni bir ko‘raylik...”

Men bu xunuk holat qiyomatgacha davom etsa kerak, deb qiynalardim. Ruxsatnoma, viza, chegara muammolari, savol-javoblar, yil-o‘n ikki oy davom etadigan “pasportniy rejim” — yo‘llarimizda xitoy devori bo‘lib turardi-da!

Shukrki, bugun tosh devorlar quladi. Hammasi xuddi bir bosinqirashdek o‘tdi-ketdi. Endi chegarada turganlar sizdan oldin salom beradi, yo‘l ko‘rsatadi, oq yo‘l, deb kuzatib qo‘yadi. Tojik birodarlarimiz chegaradan o‘tayotgan har bir o‘zbekistonlikka aziz mehmonni kutib olgandek, “xush omaded”, deya jilmayib turadi...”

Tushunaman. Chegara, davlatlar o‘rtasidagi aloqalar murakkab, ya’niki siyosat. Siyosat esa aysbergga o‘xshaydi — ko‘ringanidan ko‘rinmagan tomoni bisyor. Siyosatchi-g‘avvoslar biladi uyog‘ini. Ehtimol, bizning aqlimiz yetmaydigan jihatlar bo‘lgandir. Ammo Alisher Narzulloga o‘xshash minglab vatandoshlarimizning armonu shodliklarini eshitganda, bo‘larkan-ku, deb yuborasanda beixtiyor. Mana, chegaralar, yo‘llar ochildi — osmon uzilib, yerga tushmadi-ku! Aksincha, qardoshlar o‘rtasidagi bordi-keldilarning ravonlashuvi nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqadagi barcha davlatlarning iqtisodiy yuksalishiga ham omil bo‘lmoqda. Bugun siyosatning ko‘chasiga yaqinlashmagan odam ham ko‘rib-bilib turibdi: Toshkentdan esayotgan hayotbaxsh shabadalar qo‘shni respublikalar, dengizu ummonlar osha BMTgacha yetib bordi. Qozoqlarning elboshisi Nursulton Nazarboyevning Shavkat Mirziyoyevga qarata, biz siz boshlagan o‘zgarishlarni 25 yil kutdik, deganiyam shunchaki e’tirof emas! Illo, O‘zbekiston boshlagan ochiqlik siyosati Markaziy Osiyodagi davlatlarning hammasiga bahoriy havolar olib kirdi. Mamlakatlar o‘rtasidagi to‘siqlar olib tashlandi. Kecha bir-biriga xudo qarzi salomni ham qizg‘angan xalqlar qalbida bugun yana ota meros sharqona mehr, og‘a-inilik rishtalari mustahkamlanib, besh mustaqil davlat bitta ahil oila singari qadrdonlashib borayotir. Rosti, agar bunday tarixiy inqilob Yevropa yoki Yer sharining boshqa bir qit’asida sodir bo‘lganida edi, ezgulik va tinchlik harakatining tashabbuskori bo‘lgan davlatning yetakchisi allaqachonlar Nobel mukofoti bilan siylangan bo‘lur edi.

O‘zbekiston esa mintaqa integratsiyasi yo‘lidagi sa’y-harakatlarini bir daqiqa ham susaytirgani yo‘q. Qardoshlik mehru muhabbatini bugun kechagidan, ertaga bugungidan mustahkamlash choralari izlanmoqda. Yana bir misol: shu paytgacha “integratsiya-integratsiya”, deb tinmay gapirilar, biroq uzoq yillik “begonalik”dan keyin birikish, yaqinlashish uchun mintaqaning ijtimoiy va siyosiy muammolarini o‘rganuvchi bironta institut yo‘q edi. Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida aynan shu muammo — Markaziy Osiyo xalqlari institutini ochish zarurligiga e’tibor qaratdi va mazkur da’vati bilan mintaqa integratsiyasi masalasi O‘zbekiston uchun doimiy ekanini yana bir karra tasdiqladi.

Umuman, e’tirof etish joizki, bugungi kunda mamlakatimizning tashqi siyosati, diplomatlar tili bilan ifodalaganda, ko‘p vektorli formatga o‘tayotir. Bu mamlakatni mintaqada ta’sir kuchi eng yuqori turuvchi ikki regionalistik iqtisodiy-siyosiy birlashmalar — markazida Rossiya turuvchi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Xitoy boshchiligidagi “Bir makon, bir yo‘l” loyihalariga “qaram” bo‘lib qolishdan himoyalaydi. Masalan, bugun global dunyoda jahon bozoriga chiqish, u yerdan o‘rin egallash qanchalar murakkab ekanini siyosatchi yoki iqtisodchi bo‘lmagan odam ham yaxshi anglaydi. Shunday bir paytda Afg‘onistonda o‘rnatiladigan tinchlik mintaqa davlatlariga katta imkoniyatlar va’da qilishi mumkin. Xususan, bu Markaziy Osiyo davlatlari uchun shu paytgacha yopiq va xatarli bo‘lib kelgan Janub sari yo‘lni ochadi. Bilamizki, janubimizda biz hali to‘liq o‘zlashtirmagan, aholisi qariyb 1,5 milliard nafar (Pokiston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston) bo‘lgan bozor mavjud. O‘zbekiston Prezidentining harakatlari shuni anglatadiki, u mamlakatni neokolonial (yangi mustamlakachilik) botqog‘iga botirmoqchi emas, balki ochiq dunyoda barcha bilan tengma-teng munosabatlar olib borish, hech kimning “qosh-qovog‘i”ga qaramaydigan beg‘ubor va tiniq yangi davlatni shakllantirish, nazarimda.

Shuning uchun ham 2020 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev afg‘onistonlik hamkasbi Ashraf G‘ani bilan 3 marta telefon orqali suhbatlashdi. O‘zbekistonga Afg‘onistondan 5 marta, Afg‘onistonga O‘zbekistondan 4 marta maxsus delegatsiya borib keldi. BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida davlatimiz rahbari yana bir marta dunyo jamoatchiligi e’tiborini Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatish muammosiga qaratdi.

Zero, Afg‘onistonning tinchligi Markaziy Osiyo mamlakatlariga Hind okeani va Fors ko‘rfazi portlariga eng qisqa yo‘l bilan chiqish hamda Janubiy Osiyoni Yevropa va Xitoy bilan bog‘lash orqali 1,5 emas, 3 milliard kishilik ulkan bozorga kirish imkonini taqdim qiladi. Bunday ulkan rejalarni amalga oshirish bilan bog‘liq azoblar esa alohida mavzu.

***

Men qariyb 50 yildan buyon matbuot ichida yurgan odamman. Lekin shu yillar ichida sovet zamonini qo‘yavering, mustaqillik yillaridayam siyosiy rejim bu darajada og‘ir yukni yelkasiga olgan emas. Juda yaxshi eslayman, kechagina nafaqat xalqning dardu fig‘oni, hatto tepaga yoqmaydigan “chehra”ning efirda paydo bo‘lishi qanday to‘polonlarga, ba’zi hollarda oxiri bexayr hodisalarga aylanib ketardi. Bugun-chi, bugun shunday zamon bo‘ldiki, tarmoqlar ochib qo‘yildi, kim nima desa deyayotir. To‘g‘ri, buning ichida tuhmat bor, xusumat, ko‘rolmaslik degan illatlar ham bor.

Necha yillar davomida jinoiy javobgarlikdan qochib, allaqaysi kovaklarda pusib-yashirinib yotgan alamzadalarning “vatanparvar-geroy”lik da’volari bor. Tuynugidan yel, eshigidan el kirmaydigan, umrida bir tup rayhon ko‘kartirmagan noshudlarning ensa qotirguvchi havoyi talablari bor. O‘z bolasiga o‘z so‘zi o‘tmaydigan, o‘z bolasini o‘z so‘zi bilan o‘ziga ishontirolmaydigan, o‘z tuyg‘ularini o‘z bolasiga yuqtirolmay ezilib, dardini birovga aytolmay, ichidan zil ketib yurganlar bor. Ne-ne orzu-havaslar bilan katta to‘y qilib, farzandining bitta boshini ikkita qilgan, ammo to‘rt-besh oy o‘tib-o‘tmay, o‘z oilasini parchalanishdan asrab qolishga kuchi yetmay, boshini changallab, mahalla-ko‘yga aralashishga beti chidamay yurganlar bor. Umrida bitta kaptarxona qurishni eplolmaganlar bor.

Internetda shunday suratga ko‘zim tushdi: qora qarg‘a uchib ketayotgan burgutning yelkasiga minvolib, muttasil cho‘qimoqda. Qarg‘aning o‘tkir tumshug‘i burgutga ozor yetkazayotgan esa-da, toqat bilan parvozda davom etayotir. Osmon shunqori biladi: u qancha tez yuksakka ko‘tarilsa, qarg‘a shuncha tez holsizlanadi, o‘pkasiga havo yetmay yo tushib qoladi, yoki...

Na ilojki, bugun burgut parvoziga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilmoqchi bo‘layotgan qarg‘alar ham bor. To‘g‘rimi? Shunday bo‘lgach, ulardan so‘ragim keladi, siz million-million xalqni o‘ziga, so‘ziga, ertasining nonu tuziga ishontirish qanchalar azobligini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Faqat ishontirish bilan olam guliston bo‘lib qolsa qaniydi. Ishonganlar ro‘zg‘ori but, dasturxoni to‘kin, ko‘chasi obod, ovul-qo‘rg‘oni osoyishta bo‘lishini istaydi. Dunyoning boshqa muzofotlaridagi qavmlardan kam bo‘lmaslikni orzu qiladi. Tirik odamning har biri bir sayyora, degan ekan Alisher Navoiy hazratlari. Million-million sayyoralarning yurak zarblariga quloq solish, dardiga malham bo‘lish uchun qancha chidam, aql, zakovat va yana nodir salohiyat kerak.

Yoki siz davlat rahbari bu ishga jur’at qilganda shularni bilmas edi, deb o‘ylaysizmi? Unday bo‘lsa adashibsiz — bilardi, bilgandayam yaxshi bilardi. U kishi bu mamlakatni, jamiyatni yangilashning bundan boshqa yo‘li yo‘q ekanini ko‘rdi va o‘zida metin siyosiy iroda topdi....

Nazarimda, hozirgi shaffof jamiyat, ochiq matbuot masalalariga shundoq qarasak yanglishmaymiz.

25 yil xuddi suv yo‘lini to‘sib turganday jamiyatning dambalanishi, yo‘li to‘silgan suv o‘zida turli chiqindi-qo‘qimlarni yiqqanday bizdayam o‘tgan davr mobaynida ancha gap-so‘z yig‘ilib qoldi. Nima qilish kerak edi, dambaga qo‘shimcha yangi simon quyish kerakmidi? Albatta, hali aytganimday, bu bosimni ko‘tarish uchun yangi hukumatga katta iroda kerak bo‘lar edi. Bu iroda Prezidentda bor ekanini butun dunyo ko‘rib turibdi. Ko‘rib turibdi yelkasiga tushgan buyuk tarixiy yumushni noyob iste’dod bilan ado etayotganini ham. Ko‘rib turibdi vazifaga kirishganidan buyon bir nafas tinch turmay, odamlarning yaxshi yashashi uchun kunu tun izlanayotganini. 2020 yilda ko‘rinmas dushman — “tojdor yov” qutqu solib turganda O‘zbekistondagi iqtisodiy rivojlanish avvalgi yillardagidan kam emasligi ham o‘z-o‘zidan sodir bo‘lib qolgan emas.

Mamlakat taqdiri, millat kelajagi hal bo‘layotgan hayot-mamot kunlarda tomoshabinlik, yolg‘onchilik, tuhmat va ko‘rolmovchilik, o‘z halovati atrofidagi mayda manfaatlarga o‘ralib qolish Vatanga xiyonatdan og‘ir bo‘lsa og‘irki, yengil emas. Biz hozir xuddi tirnab-tirnoqlab baland cho‘qqiga chiqib borayotgan pay-boldirlari baquvvat alpinist holatidamiz.

***

Tasavvur qiling: tilingan barmoqlar simillab og‘riydi, shilingan tizzalar lo‘qillab qaqshaydi, peshonadan oqqan ter ko‘zlarni achitadi. Chaqir tikanday chag‘ir toshlar kiyimlarni yirtib badanga ignaday sanchiladi. Oyoq tekkan tosh ko‘chib, bir qo‘lda muallaq osilib qoladi, alpinist esa bir daqiqayam umidsizlanmaydi, bor kuchini bilagiga jamlab, Yaratgandan madad so‘rab, tog‘ yo‘lbarsi singari xarsanglarga yopishib o‘rlayveradi — cho‘qqini zabt etmaguncha jamiki qiyinchiliklarga chidaydi — tosh kelsa kemiradi, suv kelsa simiradi. Murodga yetgan muborak lahzalarda esa quvonchlari osmonlarga sig‘maylar ketadi — yeru jahonni yarqiratib yuboradi qalbida chaqnagan iftixor quyoshi!

Alpinistning hayoti shunday. Bu — uning qismati, o‘zi tanlagan yagona, muqaddas yo‘li — xuddi bizniki kabi.

Rosa 30 yil avval, bir yarim asrlik qullikdan qutulgan kunlarda boshlangan edi bu qutlug‘ safar. Shodliklarimiz beadoq edi. Boshimiz falakda — endi otimiz tugul, eshagimizning egar-jabdug‘igacha zebu zar bo‘ladi, degan shirin xayollar zavqida karaxt edik. Ayni chog‘da, osmono‘par qoyaga chiqish uchun, eh-he, ne-ne xatarli daralaru zovlardan oshib o‘tish kerakliginiyam to‘g‘ri tushunardik. Tushunganimiz tufayli belni mahkam boylab, azoblarni gardanimizga olib, shiddat bilan yo‘lga tushdik. Besh-olti yil astoydil intilib, ancha joyga chiqib ham bordik. Ammo keyin... Keyin goh ketma-ket, goh qavatma-qavat kelayotganlar ko‘cha changitgancha o‘zib ketdi. Biz bo‘lsak... Xomsut emgan banda ekanmizda, soxta iftixorningmi, kibrningmi girdobiga tushib qoldik. 25 yil qo‘yib yubormay, changalida mahkam tutib turdi bu xudbin girdob. Shashtimiz pasaydi, ishonch kamaydi, loqaydlik, sarosima, korrupsiya...

To‘rt yildan buyon beto‘xtov “jang” qilinayotganiga qaramay, afsuski, bu illatlar hozircha qurigani yo‘q. Xushomad, xusumat, aldov kabilarning bozori haliyam ayrim manzillarda eng chaqqon molga aylanib turibdi.

To‘g‘ri, qisqa vaqtda ura-urachilik, havoyi maqtovlardan yiroq, inson qalbini ochadigan, samimiy, kishining g‘amiyu tashvishlarini yashirmay aytadigan erkin muhit bo‘y ko‘rsata boshladi. Yangilanish jarayonlari — islohotlar ko‘lami va samarasini oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor avlod shakllanmoqda. Mana bu yumushni bajar desang ham og‘rinib arang qimirlaydiganlar o‘rnida sharqona an’analarni, Vatan manfaatlarini, umuminsoniy qadriyatlarni qadrlaydigan ko‘zi ochiq, tozaqalb yoshlar ulg‘ayayotir, mamlakat taqdiri bilan bog‘liq mahobatli yumushlarga dadil yelka tutayotgan mardlar safi kengayib, ko‘payib borayotir.

To‘rt yilda shijoati avvalgilarga o‘xshamaydigan, imon-e’tiqodi yuksak yoshlarni tarbiyalash oson bo‘lgan emas, albatta. Ularni o‘qitish, o‘rgatish, ish bilan ta’minlash, qalbida Vatan tuyg‘usi, milliy ruh va milliy iftixorni shakllantirish...

Darvoqe, milliy ruh haqida.

Ilmiy shahodatlarga ko‘ra, odamzodning sudralib yoxud uchib yuruvchi jondorlardan afzalligi uning jismida ruhning mavjudligidadir. Shoirlar ruhi g‘arib odamni ildizi chirigan butaga, qog‘oz gulga, tosh haykalga qiyoslaydilar. Moziy sahifalarida esa milliy ruhi va iftixori, milliy mafkuraga boylanib, yuraklarni birlashtiruvchi qudratli to‘fonga aylangach, gullab-yashnab ketgan mamlakatlar to‘g‘risida misollar juda ko‘p. Bu jabhadayam yovqur bobolarimiz bizga shunday shohona saltanat qoldirganki, bu ulug‘ merosga abadul-abad butun dunyoning havasi keladi. Prezident ham millatni oyoqqa qalqitishni aynan mana shu nuqtalardan boshlagani bejiz emas. Milliy iftixorni anglash, asrash va uni barcha avlod qalbiga singdirish harakati tufayli mudragan g‘ururlar uyg‘onmoqda, tashabbuslar qanot yozmoqda.

Bunday yuksalishlarni ko‘rib, hali aytganimday, hasadlanib piching qiladigan “pismiq do‘st”larga, albatta, piyoz to‘g‘ramaganning ko‘zi achimaydi, deyishdan o‘zga chora yo‘q. Puflab-puflab yondirgan biladi olov yoqish azobi nimaligini. Bugun zo‘r iftixor ichra iqror bo‘lib turibmizki, mislsiz bahodir va qo‘rqmas sarkarda Jaloliddin Manguberdi uchqur samani bilan quturgan daryoga sakraganda unga madad bergan kuch millat va Vatan iftixori ekanini yurakdan his qiluvchi vatanparvar yoshlar ko‘klamda qirlarni to‘ldirgan qizg‘aldoqlar kabi yashnab ko‘zlarni quvontirmoqda. Ular o‘limini bila turib bosqinchi Doro lashkarlarini sahroda sarson-sargardon qilgan afsonaviy qahramon Shiroqqa, jahonning yarmini bosib olgan Makedonskiy armiyasiga sherday hamla qilgan Spitamenga, mo‘r-malax singari behisob mo‘g‘ul askarlariga qarshi qilich ko‘targan Mahmud Torobiyga qanday qudrat ilohiy jasorat ato qilganini ham chuqur anglaydilar. Qonxo‘r Oqposhshoning yoqasidan olgan Namoz botir yoxud Dukchi Eshon jasoratining ildizlari ona Vatan tomirlariga tutashib ketgani g‘urur va ilhom bag‘ishlaydi ularga. Yoki Mahmud Zamaxshariy bobomiz jismoniy nogironligiga qaramay, Xorazm diyoridan necha ming chaqirim olisdagi Arabistonga borib, arab tili gramatikasini mukammal tarzda ishlab chiqqanda, Mirzo Ulug‘bek “osmon toqiga ilk narvon” qo‘yganda qayoqdan olgan edi samoviy tafakkurni? Uyg‘onish davrining buyuk mutafakkirlari Abu Nasr Forobiy “Sharq Arastusi”, Muso al-Xorazmiy Yevropa fanida “algoritm” nomlari bilan abadiy joy olishida-chi? Yoxud Temur Malikdek mardlari, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi yetti iqlimga mashhur ulug‘lari bo‘lgan el keyin-keyin qanday qilib qahkashon yulduzlarining eng xirasiga aylanib qoldi? Sohibqiron Amir Temur hazratlaridan keyin Turonzamin nega parchalandi, talandi, toptaldi? Dunyoga ma’rifat nurlarini taratgan ikkita Renessansning ikkoviyam nega bardavom bo‘lmadi?

Hozirgi avlod, umuman, o‘zbekistonlikman degan har bir inson bugun Vatan taqdiriga uyqash yuqoridagi kabi savollarga bezovtalik bilan javob izlayotirlarki, millatning bunday qalqinishi necha yuz yillar davomida kuzatilgan emas.

Ha, biz fikrlash, tafakkur qilish nuqtai nazaridan ham erkinlik maydoniga chiqdik. O‘zligini anglagan, milliy ruhi uyg‘ongan xalqning ona Vatanga bo‘lgan mehru muhabbati savqitabiiy tuyg‘u sifatida tovlanmoqda.

Bir-birining qo‘lidan mahkam ushlab olganlar tez oqar va toyrinchoq kechuvdan beshikast o‘tadilar. Osmon bepoyon — qarg‘adir, quzg‘undir, burgutdir — parvoz uchun hammaga maydon yetadi.

Matlab bir bo‘lmasa — jam bo‘lmagaymiz,

Jam bo‘lsak — boshimiz xam bo‘lmagaymiz.

Jam qilsak insofu diyonatni ham,

Dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagaymiz.

Donishmand Sharqning daho shoiri Abdulla Oripovning bu da’vatini qonimizga, jonimizga singdirsak, jam bo‘lsak, inshoolloh, hech kimdan kam bo‘lmaymiz!

Endi bir zum quloqlaringizni berkiting-da, qalbingizga quloq tuting, eshityapsizmi, ichingizdan bir sas kelayotir:

— Sarbaland qoya ishg‘ol qilinib, iftixor iftixorlarga ulanib ketadigan kunlar uzoq emas! Faqat ko‘tarilish azoblarini matonat bilan yengib o‘tsak bas!

Abdusaid KO‘CHIMOV,

yozuvchi

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi