Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga ko‘ra, 2025 yilning oktyabr oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan oyga nisbatan 31,9 foizga ortib, 1319 birlikni tashkil etishi, quyidagi komponentlar darajasidagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lgan:
– xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisobvaraqlaridagi operatsiyalar soni bo‘yicha komponent 6,3 foizga oshgan;
– tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 73,8 foizga ortgan;
– faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bo‘yicha komponent 1 foizga ortgan;
– tovar belgilari bo‘yicha komponent 0,7 foizga kamaygan.
2025 yil oktyabr oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi barcha hududda o‘tgan oyga nisbatan o‘sishi kuzatilgan. Jumladan, Qashqadaryo (69,2 foiz), Surxondaryo (44,8 foiz), Toshkent shahri (43,0 foiz) va Samarqand viloyatida (42,1 foiz) sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.
2025 yil oktyabr oyida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 6 571,4 mingtani tashkil etdi va 2025 yilning sentyabr oyiga nisbatan 386,8 ming tranzaksiyaga (6,2 foiz) oshgan.
2025 yil oktyabr oyida respublikaning 12 ta hududida yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan oshgan. Xususan, Sirdaryo (12,0 foiz), Qashqadaryo (10,2 foiz), Xorazm viloyati va Toshkent shahrida (7,8 foiz) o‘sish kuzatilgan. Bu ko‘rsatkich, Andijon (-8,4 foiz) va Farg‘ona (0,3 foiz) viloyatlarida kamaygan.
2025 yilning oktyabr oyida IFIning birja komponenti 1,7384 birlikni tashkil etdi. Bu esa, ushbu komponentning o‘tgan oyga nisbatan 73,8 foizga ortganini anglatib, har bir bitim bo‘yicha sotib olingan tovarlarning o‘rtacha hajmi 91,1 foizga va tuzilgan bitimlar soni 56,6 foizga ortganligi bilan izohlanadi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasida tovarlar savdosining umumiy aylanmasi hajmi 2025 yil oktyabr oyida 7 246,8 mlrd. so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 10,4 foizga ortgan.
Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari bo‘yicha komponent 2025 yil oktyabr oyida 1,0098 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 1,0 foizga ortgan. Bunda 2025 yil oktyabr oyida barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni o‘tgan oyga (482 209 birlik) nisbatan 5 554 birlikka ortib, 487 763 birlikni tashkil etgan.
Ushbu davrda, kichik korxonalar soni 390 315 tadan 395 777 taga, fermer xo‘jaliklari soni 87 888 tadan 87 952 tagacha (64 ta), yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar soni 4 034 tani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 28 taga ortgan.
2025 yil oktyabr oyida savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha indeks 0,9934 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan -0,7 foizga kamaygan. 2025 yilning oktyabr oyida yuridik shaxslar tomonidan 450 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.
Mohigul Qosimova, O‘zA