Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo Respublika ishchi guruhi hududlarda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash hamda “mahallabay” ishlash dasturlarining ijrosi borasidagi o‘rganishlarini Buxoro viloyatida olib bormoqda.
Shuningdek, joylarda aholi murojaatlari bilan ishlash, aniqlangan muammolarga tezkorlik bilan yechim topish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish uchun mahallalarda tashkil etilgan beshlik faoliyati o‘rganilmoqda.
Ishchi guruh vakillari viloyatning G‘ijduvon, Jondor, Kogon, Olot, Peshku, Qorako‘l, Romitan, Vobkent tumanlari hamda Buxoro va Kogon shaharlari hududlarida bo‘lib, jinoyat hamda huquqbuzarliklar nisbatan oshgan 122 “qizil” toifaga kiritilgan mahallalardagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari tahlil qilindi.

Ishchi guruh rahbari Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov Buxoro shahrining “Yoshlik” va “Muxtor Ashrafiy” mahallarida, Kogon shahrining “Adolat” mahallasida, shuningdek, Buxoro tumanining “Navro‘z” mahallalarida bo‘ldi. Sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqishi, ularga olib keluvchi sabab va sharoitlari, ularni bartaraf etish masalalarining tahlili hamda kelgusida kriminogen sharoitni yaxshilash borasidagi taqdimotlar bilan tanishdi.

Ishchi guruh tomonidan mahalla hududidagi jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasi holatidan kelib chiqib mahallada beshlikning hamkorlikdagi faoliyatini yanada takomillashtirish, mahalliy aholining murojaatlari va muammolarini o‘z vaqtida hal etish, mahallada xavfsiz muhitni yaratish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Buxoro shahridagi 31- umumta’lim maktabi hududida tashkil etilgan sun’iy qoplamali futbol stadioni, kutubxona va tikuv sexi faoliyati bilan tanishildi. Yoshlarni bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanish va faol hayot tarzi bilan shug‘ullantirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, Buxoro shahrida xavfsiz hudud tamoyili asosida mahallalarni to‘liq kameralashtirish, tungi patrullik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

O‘rganish ishlari davomida ishchi guruhi tomonidan hududlarda istiqomat qilayotgan yolg‘iz keksalar hamda nuroniylar, shuningdek, tizimda uzoq yillar mehnat qilib bugun xastaligi tufayli yotoqda qolgan fuqarolar holidan ham xabar olindi.
Zarif Komilov, O‘zA