Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining “Idoralararo mobil guruhlarni muvofiqlashtirish va salohiyatini oshirish orqali narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” loyihasi doirasida Idoralararo mobil guruhi a’zolarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda BMT boshqarmasining milliy koordinatori S.Maqsudova Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi direktori o‘rinbosari Sh.Qayumov hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mobil guruhi vakillari ishtirok etishdi.
Sirdaryo viloyati bo‘yicha Idoralararo mobil guruhi tomonidan 2024 yilning 9 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimot ko‘rinishida ma’ruzalar qilindi.
Shuningdek, Idoralararo mobil guruhi vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasida giyohvand moddalar bilan bog‘liq vaziyat tendensiyasi tahlili, giyohvandlik jinoyatlaridan olingan daromadlarni legallashtirish holatlarini aniqlash uchun qo‘shimcha moliyaviy tekshiruvlar o‘tkazish xususiyatlari hamda internet saytlaridan foydalangan holda giyohvand moddalarini noqonuniy olib o‘tish va tarqatishning zamonaviy usullari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarlik holatlari haqida ma’lumotlar almashildi.
Uchrashuv yakunida BMT boshqarmasi xodimlari tomonidan Idoralararo mobil guruhining ish samaradorligini yanada oshirish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanuviga chek qo‘yish maqsadida qo‘shimcha zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlash, rivojlangan xorijiy davlatlarning amaliyotidan samarali foydalanish maqsadida qo‘shimcha o‘quv treninglarini tashkil etish yuzasidan kelishib olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri