Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ID- karta olish barchaga majburiymi?
08:31 / 2023-04-13

Mamlakatimizda axborot tizimini jadal rivojlantirish, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, turli axborot tizimlarida va masofaviy xizmat ko‘rsatishda shaxsni identifikatsiyalashning yagona mexanizmini joriy etish maqsadida biometrik pasportlar ID- kartalarga almashtirilmoqda.

Mazkur yo‘nalishda Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish (MvaFR) boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Botir Sattarov bilan suhbatlashdik.

– Botir Hamidovich, Prezidentimizning 2020 yil 22 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida 2021 yildan to shu bugungi kunga qadar viloyatda qanday ishlar amalga oshirildi? ID-kartalar qanday afzalliklarga ega. Ularning biometrik pasportdan farqi nimada?

–Viloyatda fuqarolarga identifikatsiya ID-karta rasmiylashtirib beruvchi 18 ta MvaFR bo‘linmasi faoliyat yuritmoqda, –dedi B.Sattorov.– Ushbu bo‘linmalar tomonidan 2021 yildan shu bugunga kunga qadar viloyatda doimiy yashovchi 571 nafar fuqaroligi yo‘q shaxslar va 881 nafar chet el fuqarolariga hamda 130 ming 947 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga identifikatsiya ID-kartalari rasmiylashtirib berildi. ID-kartalarni berish tizimiga o‘tish rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda va fuqarolarni raqamli identifikatsiya qilish tizimini joriy etishni jadallashtiradi. Fuqarolarning birlamchi ma’lumotlarini O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining axborot tizimlariga integratsiyalash jarayonini avtomatlashtiradi, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini osonlashtiradi va optimallashtiradi.

ID-kartalar amaldagi buklet ko‘rinishidagi biometrik pasportga nisbatan o‘lchami kichik va ixchamligi, elektron qurilmaga (chit) egaligi va fuqarolarning ma’lumotlarini aniq fotosurat, yashash manzili, elektron imzo kiritilishi bilan qulay hisoblanadi. Shuningdek, amaldagi biometrik pasportdan farqli ravishda 2021 yil 1 yanvardan joriy etilgan ID-kartalarning yuza qismida fuqaroning millati ko‘rsatilmaydi. Bu xalqaro talabga ko‘ra, millatchilikka qarshi qo‘llangan yondashuv hisoblanadi. Ushbu ma’lumot ID-karta chipida saqlanadi. Mazkur ID-karta xalqaro talablarga moslab ishlab chiqilgan.

Qonun hujjatlariga muvofiq chipga boshqa ma’lumotlar ham kiritilishi mumkin. Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati ID-kartaning amal qilish muddati davomida haqiqiy hisoblanadi.

– Jizzax viloyati hududi anchagina masofaga cho‘zilib ketganligini yaxshi bilamiz. Shuni hisobga olib ID-kartalar olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga joylarda qanday qulayliklar yaratilgan?  

– Davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 sentyabrdagi nomi yuqorida zikr etilgan PF–6065-sonli farmonida identifikatsiya – ID-kartalarini olish va almashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, o‘z ixtiyoriga ko‘ra xohlagan ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga yoki davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari mumkin. Shunga ko‘ra, viloyatning shahar va tuman markazlarida joylashgan 13 ta MvaFR bo‘linmalaridan tashqari, G‘allaorol tumanining Marjonbuloq, Zomin tumanining Dashtobod shaharchalari va “Peshag‘or” QFY hamda Jizzax shahrining “Yoshlik” MFY hududida MvaFR bo‘linmalari faoliyat yuritmoqda. Bu orqali tuman markazidan olisda yashovchi fuqarolarga identifikatsiya ID-karta rasmiylashtirib berish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida va ijobiy hal etishda ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinmoqda.

– Ko‘p yillardan buyon Jizzax viloyatida istiqomat qilib kelayotgan, ammo shu paytgacha O‘zbekiston fuqaroligini olmagan shaxslar borasida, ularni fuqarolikka qabul qilish yuzasidan qanday ishlar olib borilyapti?

– Yurtboshimizning 2019 yil Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini ta’minlash borasida navbatdagi muhim qadam qo‘yish zarurligini hayotning o‘zi taqozo etayotganligini, ayniqsa, mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan, lekin O‘zbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega bo‘la olmayotgan minglab yurtdoshlarimizning ana shu muammosini qonuniy hal etish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralarni ko‘rish vaqti kelganligini, xususan, 1995 yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi avtomatik tarzda berilishi kerakligini ta’kidlab, shu tariqa 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bog‘liq uzoq yillardan buyon yechilmasdan kelayotgan muammolari hal etilishini bayon qilib, Vazirlar Mahkamasi bu masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda ko‘rib chiqib, joriy yil 1mayga qadar tegishli qonun loyihalarini taqdim etishi belgilangan edi.  

Shunga ko‘ra, 2020 yil 13 martda mamlakatning “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida yangi tahrirda” gi O‘RQ- 610-sonli Qonuni qabul qilindi va ushbu qonunga asosan viloyatda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan, lekin O‘zbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega bo‘la olmayotgan fuqaroligi yo‘q shaxslar 2020 yilda 614 nafar, 2021 yilda 691 nafar, 2022 yilda 265 nafar, joriy yilning o‘tgan davrida 45 nafari O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish asosida yuqorida ta’kidlangan qonunning 6-moddasiga asosan qisqa fursatlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olindi va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining ID-kartalari bilan hujjatlashtirildi.  

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan endilikda bu boradagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilib kelinmoqda, ya’ni 15 yil davomida mamlakatimizda uzluksiz doimiy yashab kelayotgan fuqaroligi yo‘q shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olinishi qonun bilan mustahkamlab qo‘yildi.

– Biometrik pasportining yaroqlilik muddati o‘tib ketgan va ID-kartalarga almashtirmagan O‘zbekiston fuqarolariga qanday choralar ko‘rilishi mumkin?  

– Fuqaro ID-kartani olish yoki almashtirish yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilmasligi, uni yaroqsiz holga keltirish, yo‘qotib qo‘yish, shuningdek, boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan ID-kartani qonunga xilof ravishda olib qo‘yish, ID-kartadan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, uni yo‘q qilish, yaroqsiz holatga keltirish yoki yashirish uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida javobgarlik belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 223-, ya’ni Pasport tizimi qoidalarini buzish moddasiga ko‘ra ma’muriy jazo choralari qo‘llaniladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar tomonidan fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yashashiga yo‘l qo‘yilishi, xuddi shuningdek, fuqarolar tomonidan o‘z turar joylaridagilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashiga yo‘l qo‘yilishi – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin ushbu holat yana takror sodir etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobar miqdoridagi jazo choralari qo‘llanilishga sabab bo‘ladi.

18 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hamda mamlakatimizda doimiy yashayotgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 16 yoshga to‘lishi munosabati bilan identifikatsiyalovchi ID-kartasini o‘z vaqtida olmagan bo‘lsa, buning uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.

– Xorijga chiqish, aytaylik Rossiyaga ishlagani yoki Suadiya Arabistoniga Haj amali yoki Umra safariga borishi uchun fuqarodan xorijga chiqishiga ruxsat etiluvchi, ya’ni viza ruxsatini berish hujjatini olishi uchun nimalar talab etiladi? Xorijga chiqish pasportini viloyatning qaysi shahar va tumanlaridan olish imkoniyati yaratilgan?

– Xorijga chiqish biometrik pasporti – xorijga chiqish va O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish, shuningdek, xorijda turish vaqtida egasining shaxsini va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tasdiqlaydigan, pasport egasining shaxsiy biografik ma’lumotlari va biometrik parametrlari saqlangan elektron axborot tashuvchiga (chipga) ega bo‘lgan hujjat bo‘lib tug‘ilgan kunidan boshlab bir yoshgacha — ikki yil muddatga, bir yoshdan 25 yoshgacha — 5 yil muddatga, 25 yoshdan oshgan shaxslarga — 10 yil muddatga rasmiylashtirilib beriladi.  

Eski xorijga chiqish ruxsatnoma (stike) 2 yil muddatga berilishini inobatga olsak, hozirgi xorijga chiqish biometrik pasporti ko‘p marotaba chet davlatlarga chiquvchilar uchun ancha qulay hisoblanadi. Shu bilan birga ushbu pasport jahon standartlariga mos ravishda ishlangan bo‘lib, 48 sahifadan iborat. Bu chegaradan o‘tganligi haqidagi ko‘p marotaba muhr bosishga qo‘l keladi.

Hozirda Jizzax viloyati hududida 13 ta shahar va tuman IIBlarida hamda 2 ta Jizzax shahar va Zomin tuman Davlat xizmatlari markazida xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ma’lumotlar yig‘ish punktlari mavjud. Shu bilan keksa, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mobil qurilma mavjud, barchasi ishchi holatda.

– Xorijga chiqish pasportini yaroqsiz holatga keltirib qo‘ygan, yo‘qotgan, boshqa bir kimsaga berib yuborgan yoki boshqa shaxsning hujjatini olib qo‘ygan shaxslarni qanday choralar kutishi mumkin?

– Xorijga chiqish biometrik pasportiga ataylab shikast yetkazish,  

– xorijga chiqish biometrik pasportini ehtiyotsizlik oqibatida yo‘qolishiga sabab bo‘lish;

– yo‘qolganligi haqida ariza berilgan xorijga chiqish biometrik pasportidan, shuningdek, boshqa shaxsga qarashli bo‘lgan xorijga chiqish biometrik pasportidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish;

– ushbu hujjatni qonunga xilof ravishda olib qo‘yish yoki uni garov sifatida qabul qilish;

– mazkur pasportga g‘arazli yoki boshqa tuban niyatlar bilan ega bo‘lib olish, shuningdek, uni yo‘q qilish, yaroqsiz holga keltirish, yashirishga qonun hujjatlari bilan javobgarlik belgilangan.Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 223-moddasi 1-qismiga asosan jarimaga tortiladi.

Ma’lumot uchun: xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish joriy etilgan, ya’ni 2019 yilning 1 yanvaridan buyon o‘tgan davr mobaynida Jizzax viloyat IIB MvaFRB va uning hududiy bo‘linmalar tomonidan 162 ming 279 nafar fuqaroga xorijga chiqish biometrik pasportlari rasmiylashtirilgan. Shundan 10 ming nafardan ortiqrog‘ini voyaga yetmaganlar tashkil etadi.

O‘zA muxbiri Abdujalol Qayumov suhbatlashdi