Boyovut tumanidagi “Mirishkor” mahallasi aholisi uzoq yillar davomida qiynab kelgan yo‘l muammosidan qutuldi. “Birlashgan” ko‘chasining 2 ming 700 metrdan ortiq qismi zamonaviy asfalt beton qotishmasi bilan qoplandi. Bu o‘zgarish mahalladagi turmush farovonligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
– Ushbu ishlar “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida amalga oshirildi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Orifjon Bekto‘rayev. – Loyiha mahallalarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, aholi hayotini yengillashtirish va turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan. Yo‘l muammosi bir kunlik masala emas, u uzoq yillardan beri aholimizni tashvishga solib kelgan. Yozda bu unchalik sezilmas edi, ammo qishda va yog‘ingarchilik kunlarida qiyinchiliklar aniq ko‘rinadi. Endi esa bu muammolar ortda qoldi, yo‘l asfaltlandi va “Birlashgan” ko‘chasidagi aholi uchun qulay muhit yaratildi.

Mahallada 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ular uzoq yillar davomida xarob bo‘lgan yo‘llardan yurib, qiynalishdi. Hozir esa mahalla aholisi tekis yo‘llarni ko‘rib, xursand bo‘lishmoqda, yo‘l qurganlarga rahmat aytishmoqda.


Muhimi, bu ish mahalla ahlining birdamligi va tashabbuskorligi bilan amalga oshirildi, – deydi Orifjon Bekturayev. – Aholi faolligi va hamjihatligi bunday ijobiy o‘zgarishlarning asosi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri