FOTOREPORTAJ
Surxondaryo - sayyohlar talpinayotgan qadim va betakror go‘sha. Uning noyob tabiati, tarixiy asori-atiqalari bugun dunyo sayyohlarini ohangrabodek o‘ziga jalb etmoqda. Termiz shahrida o‘tkazilgan “Ichki turizm yarmarkasi” davomida hududning turistik imkoniyatlari yana bir bor namoyish etildi.
Turizm obyektlariga aholini keng jalb etish, turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari va turistik maskanlarni qo‘llab-quvvatlash, turoperator va turagentlarni iste’molchilarga yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan yarmarkada mamlakatimiz viloyatlari va qo‘shni Tojikiston Respublikasidan turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, viloyatdagi turistik obyektlar, mehmonxonalar rahbarlari ishtirok etdi.
Yarmarkaning ochilish marosimida turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi. Shundan so‘ng, Surxon milliy liboslari ko‘rgazmasi, “Alpomish” dostonidan keltirilgan sahna ko‘rinishi, milliy markazlarning musiqiy chiqishlari ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Surxondaryoga xos urf-odat va qadriyatlarni tarannum etuvchi bunday namoyishlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-16690]
Tadbir doirasida viloyatdagi eko, etno, gastronomik, tibbiyot kabi turizm obyektlari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilarga vohada mahalliy va xorijlik turistlar uchun yaratilgan sharoitlar, xizmatlar ko‘lami haqida ma’lumotlar berildi. Albatta, har bir taqdimot mehmonlar, jumladan, tojikistonlik vakillar va voha aholisini o‘ziga jalb etmay qolmadi.
Milliy hunarmandchilik buyumlari, tabiat ne’mati sifatida e’zozlanuvchi dorivor giyohlar, noyob qushlar va boshqa ko‘plab namunalar voha turizmi haqida boy taassurot olishga xizmat qildi.
Tadbir doirasida ichki turizm yo‘nalishida faoliyat yurituvchi turoperatorlar hamda korxona, tashkilotlar hamkorligida B2B (tadbirkor bilan tadbirkor) va B2C (tadbirkor bilan mijoz) formatda uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘zaro tajriba almashildi. Yakunda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlovchi 10 yaqin memorandum va shartnomalar tuzishga erishildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA