Bugungi kunda turizm sohasi nafaqat mamlakat iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismi, balki ijtimoiy va madaniy rivojlanishning ham asosiy omili sifatida qaraladi. Ichki turizm esa mahalliy aholi va turistlar uchun yangi imkoniyatlar ochib, mamlakatning turli hududlarini kengroq tanish va o‘rganish imkonini beradi.
Bu yo‘nalish nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki mahalliy an’analarni saqlash, tabiiy va madaniy merosni targ‘ib qilishda ham muhim ahamiyatga ega.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJning birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Nurpeis Berdaliyevning qayd etishicha, mazkur tizimdagi korxonalar xodimlari uchun mamlakatimizdagi tarixiy joylarga sayohatlarni tashkil qilish tizimli olib borilmoqda.

–Ma’lumki, O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy va tabiiy merosi, turli tabiat manzaralari ichki turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega, –dedi N.Berdaliyev. – Qishloq va shahar turizmi, madaniy va ta’limiy yo‘nalishlar, ekoturizm va sport turizmi kabi imkoniyatlar mamlakat iqtisodiyotiga yangi impuls beradi hamda aholining dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi. Shu sababli, ichki turizmni rivojlantirish masalasi davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilanmoqda.
Ichki turizmning rivojlanishi natijasida nafaqat iqtisodiy samaradorlikka erishiladi, balki mamlakatning barqaror ijtimoiy va madaniy taraqqiyotini ta’minlashda ham muhim rol o‘ynaydi.
Shu sababli, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan yurtimizda ichki turizmni yanada rivojlantirish va boy madaniy merosni taqdim etish maqsadida turli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda “Sirdaryo IES” xodimlari uchun ana shunday maxsus sayohat tashkil etildi. Bu tashabbus nafaqat xodimlarni dam olishlari bilan ta’minlash, balki ularning madaniy bilim va dunyoqarashini kengaytirishga ham qaratilgan.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan sayohat davomida Sirdaryo IES korxonasining 25 nafar ishchi-xodimi Toshkent shahriga keldi. Ularning safari davomida ishtirokchilar “Zangi ota”, “Hazrati Imom” (Islom sivilizatsiyasi markazi) majmuasi, “G‘alaba bog‘i”, “Magic City”, “Toshkent teleminorasi” kabi eng diqqatga sazovor maskanlar bilan yaqindan tanishdi.
Biz uchun xodimlarning dam olishi va ularning madaniy hamda ma’naviy rivoji muhim. Bunday sayohatlar ishchi-xodimlarda vatanparvarlik hissini mustahkamlaydi, yurtga sadoqat va ajdodlar merosiga hurmatni oshiradi. Shuningdek, ularga mamlakatimizning boy tarixi va madaniy merosini yaqindan ko‘rish imkonini beradi. Biz bunday tashabbuslarni muntazam ravishda davom ettirishni rejalashtirmoqdamiz.
Muxtasar aytganda, bu kabi tadbirlar nafaqat xodimlar uchun dam olish va madaniy rivojlanish imkonini yaratadi, balki jamoadagi ijodiy ruhni mustahkamlab, korxona faoliyatida ishchanlik va hamjihatlikni oshirishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA