Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov raisligida dolzarb masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish qarori bilan joriy yilning 17 mayidan 17 iyuniga qadar viloyatdagi nosoz ichki ko‘chalarni shag‘allashtirish oyligi e’lon qilindi. Oylik doirasida viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi mahallalarning ichki yo‘llari shag‘allashtiriladi.
Jumladan, oylik doirasida Andijon shahrida ham ichki ko‘chalar shag‘allashtirilmoqda. Shahardagi 13 ta mahallaning ichki ko‘chalariga to‘liq shag‘al yotqiziladi. Bugun viloyat hokimligidan Andijon shahriga biriktirilgan vakil, shahar sektor rahbarlari, mas’ul va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida 50 dan ziyod yuk avtomashinasiga ortilgan sheben karvoni shaharning Mirpo‘stin hamda Sho‘rbuloq mahallalariga yo‘l oldi. Jarayonda Mirpo‘stin mahallasidagi 1,5 kilometr, Sho‘rbuloq mahallasidagi 1,1 kilometr ichki yo‘llarga shag‘al yotqiziladi.
[gallery-11938]
Oylik doirasidagi ishlar Paxtaobod tumanida ham qizg‘in davom etmoqda. Rejaga ko‘ra, tumandagi 8 ta mahalla ko‘chalariga shag‘al yotqiziladi. Ko‘chalarni shag‘allashtirish ishlari tumandagi Tinchlik mahallasidan boshlandi. Shu kunlarda mahalla hududidagi 1,8 kilometr masofadagi ichki yo‘lga shag‘al yotqizilayotir.
Ko‘chalar sifatini yaxshilash orqali aholining turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ushbu jarayon viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA