Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi “Zomin” tantanalar uyida tinchlik va osoyishtalik posbonlari — Ichki ishlar xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Zalda bayramona kayfiyat, vatanparvarlik ruhi hukm surdi. Tadbirda viloyat rahbariyati, ichki ishlar organlarining mas’ul xodimlari, soha faxriylari, yosh mutaxassislar hamda xizmat burchini bajarish paytida halok bo‘lgan mard posbonlarning yaqinlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilish davlat madhiyasi sadolari bilan boshlandi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Sherali Ergashov so‘zga chiqib, shaxsiy tarkibni bayram bilan samimiy tabrikladi hamda Ichki ishlar vazirining bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Bayram tantanasida ta’kidlab o‘tilganidek, so‘nggi yillarda ichki ishlar tizimida xodimlar malakasini oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, xizmat sharoitlarini yaxshilash, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlar tufayli xizmat samaradorligi yanada oshmoqda.

Tadbir davomida xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, fidoyilik va mas’uliyat bilan ishlayotgan rahbar va xodimlar hamda soha faxriylari Ichki ishlar vazirligining “A’lo xizmatlari uchun”, “Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi”, “Kasb a’lochisi” unvonlari va faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari, pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Bayram so‘nggida san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq, raqslar hamda sadoqat, jasorat ruhida o‘qilgan she’rlar ishtirokchilarga bir olam g‘urur va quvonch bag‘ishladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri